O‘zbekistonda 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan prezident saylovi kampaniyasi 10-maydan boshlandi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasining muddatidan ilgari prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarga bag‘ishlangan majlisida ma’lum qilindi.

Majlisda saylov kampaniyasini e’lon qilish va saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Kalendar rejani tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi.

Kalendar rejada mantiqiy izchillik asosida qonunchilikka muvofiq amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlar va ularni amalga oshirish muddatlari belgilandi. Xususan, Kalendar rejaga muvofiq saylov jarayonining 7 ta yo‘nalishi bo‘yicha 51 ta tadbirlar nazarda tutildi.

“Kalendar reja saylov kampaniyasini qonun talablariga rioya qilgan holda ochiq va oshkora, to‘g‘ri hamda samarali tashkil etish, mavjud kuch va imkoniyatlarni oqilona taqsimlash va safarbar etishni ta’minlaydi”, — dedi MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Kuchkarov.

15-maygacha siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etish uchun Markaziy saylov komissiyasiga hujjatlar taqdim etishi kerak. Saylovga 52 kun qolgandan (17-may) boshlab 38 kun qolguniga (1-iyun) qadar bo‘lgan davr prezidentlikka nomzod ko‘rsatish uchun ajratilmoqda. Siyosiy partiyalar tomonidan prezidentlikka nomzodni ro‘yxatga olish haqidagi Markaziy saylov komissiyasiga hujjatlarni taqdim etilish saylovga 36 kun qolganda (2-iyun) yakunlanadi. Prezidentlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish saylovga kamida 32 kun qolgunga qadar (6-iyungacha) amalga oshiriladi. Nomzodlar vakillarini ro‘yxatga olish 7-iyundan boshlanadi.

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tadbirlarning tartibi, bosqichlari hamda muddatlari haqidagi axborot saylovchilar va saylov jarayonlarining boshqa ishtirokchilariga belgilangan tartibda Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida va boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish yo‘li bilan yetkazilishi ma’lum qilindi.