8-may kuni prezidentning “Ma’muriy islohotlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi faoliyatini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori (PQ-149-son) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi etib qayta tashkil qilindi.

Milliy antidoping agentligi, jumladan:

  • Respublika ijro etuvchi hokimiyat organi maqomiga ega bo‘lib, o‘z faoliyatida Prezident hamda Vazirlar Mahkamasiga hisobdor.
  • Butunjahon antidoping agentligining talablari va qoidalari bajarilishi ustidan doimiy monitoring olib boradi hamda tezkor joriy etadi.

Qarorga muvofiq, vazirlik va idoralarda yagona mehnatga haq to‘lash tizimi joriy qilingunga qadar 15-maydan agentlik xodimlariga quyidagi miqdorda ko‘p yillik ishlaganlik uchun har oylik ustama to‘lanadi (rag‘batlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda):

  • 1 yildan 3 yilgacha — 0,3;
  • 3 yildan 5 yilgacha — 0,6;
  • 5 yildan 10 yilgacha — 0,8;
  • 10 yildan 15 yilgacha — 1;
  • 15 yildan 20 yilgacha — 1,2;
  • 20 yildan yuqori — 1,5.

Respublikada va xorijda o‘tkaziladigan musobaqalarda doping-sinamalar olish huquqiga ega bo‘lgan xalqaro toifadagi doping ofitserlarni Xalqaro test agentligida (International Testing Agency) o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, antidoping nazorati va monitoringi sohalari raqamlashtiriladi. Bunda:

  • Doping-test va doping nazoratini tashkil qilish, sportchilar haqida ma’lumotlarni to‘plash va saqlashga oid sportchining “biologik pasporti” (ABP) onlayn tizimi joriy etiladi;
  • Sportchilar uchun antidoping ta’lim elektron platformasi yaratiladi;
  • Bosqichma-bosqich Sportda taqiqlangan moddalarni tekshirish milliy platformasi joriy etiladi.

Avvalroq O‘zbekiston U-20 terma jamoasi futbolchisi Shaxriyor Jabborov doping testi tufayli futboldan vaqtincha chetlatilgandi. O‘FA tekshiruv hali yakunlanmagani, uning ehtiyotsizlik sabab sifatsiz biologik faol moddalar iste’mol qilgan bo‘lishi ehtimoli o‘rganilayotganini bildirgan.