Pokiston sudi mamlakat sobiq bosh vaziri va “Tehrik-e-Insaf” muxolifat partiyasi yetakchisi Imron Xonni hibsga oldi, deb xabar bermoqda Reuters.

Xon davlat mablag‘larini o‘zlashtirish ishi doirasida hibsga olingan. Uning hibsga olinishiga ish bo‘yicha avvalgi sud majlislariga kelmagani sabab bo‘lgan.

Shundan so‘ng, “Tehrik-e-Insaf” Twitteri`da Xon tarafdorlarini ko‘chaga chiqishga chaqirdi. “Pokiston xalqi, mamlakatingizni qutqarish vaqti keldi. Sizda boshqa imkoniyat bo‘lmaydi”, — deyiladi xabarlardan birida.

Imron Xon 2022-yilning aprelida Pokiston bosh vaziri lavozimidan chetlatilgan edi. O‘shandan beri unga qarshi o‘nlab jinoiy ish qo‘zg‘atildi, jumladan, terrorizm bo‘yicha ish ham. Xon tarafdorlari ta’qibni siyosiy deb biladi.

Iste’foga chiqishi arafasida Xon davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘lgan va prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan edi. Muzokaralar yakuni bo‘yicha bir qator hujjatlar imzolangan edi.

Reuters agentligining ta’kidlashicha, Xonning hibsga olinishi “yadro quroliga ega mamlakatda ommaviy tartibsizliklar” xavfini keltirib chiqaradi. Pokistonda so‘nggi oylarda rekord darajadagi inflyatsiya va sekin iqtisodiy o‘sish bilan o‘n yilliklardagi eng yomon iqtisodiy inqiroz avj oldi.