Meteorologiya — ob-havo hodisalarini o‘rganish, izohlash va bashorat qilish bilan shug‘ullanuvchi soha, O‘zbekiston gidrometeorologiya xizmati esa mamlakatdagi barcha turdagi meteorologik va gidrologik kuzatuvlarni birlashtirgan yagona tizimdir. Xizmat kunlik ob-havoning o‘zgarishi, turli yog‘ingarchiliklaru ular bilan bog‘liq favqulodda holatlar haqida ma’lumotlar taqdim etadi.

O‘zbekistondagi meteorologik kuzatuvlar 1867-yildan beri olib boriladi. Mamlakat gidrometeorologiya xizmatining rasmiy tug‘ilgan kuni sifatida esa 1921-yilning 7-may sanasi ko‘rsatiladi. Xizmatning 75 yillik yubileyida — 1996-yil 7-may kuni soha muzeyi ochilgan. “Gazeta.uz” bir asrlik tarixdan hikoya qiluvchi, 400 ga yaqin eksponatlardan tashkil topgan O‘zgidromet muzeyi bilan tanishtiradi.

muzey, ўзгидромет, фоторепорtaж

Muzey O‘zgidromet xizmatining Yunusobod tumanidagi asosiy binosi ichida joylashgan. Birgina xonadan iborat bo‘lishiga qaramay, ko‘plab fotosuratlar, hujjatlar, turli davrlarda foydalanilgan gidrometeorologik asboblar kolleksiyasini jamlagan muassasa xizmatning bir asrlik tarixini jonli ko‘rsatib bera oladi.

Eksponatlar bilan tanishish zalning o‘ng tomonidan boshlanadi. To‘rdagi devorning markaziy qismidan Markaziy Osiyoning uch o‘lchamli, rang-barang rel’ef xaritasi egallagan. Unda O‘zbekistondagi barcha meteorologik stansiyalarning kuzatuv tarmoqlari ko‘rsatilgan.

muzey, ўзгидромет, фоторепорtaж

O‘zgidromet xizmatning tashkil topishi va rivojlanishiga oid asosiy ma’lumotlar ushbu xaritaning atrofida birlashgandek. Uning o‘ng tomonida O‘zbekistonda XIX asr o‘rtalarida boshlangan gidrometeorologik kuzatuvlarning tarixiy qaydnomalari, chap tomonida O‘zgidrometni tashkil etishga asos bo‘lgan hujjatlarning nusxalari, yuqorisida esa xizmatning 1921-yildan 2017-yilgacha faoliyat olib borgan rahbarlarining portretlarini ko‘rish mumkin.

Xaritaning qarshisidagi stenddan Toshkent shahridagi meteomaydon maketi hamda gidrometeorologik kuzatuvlarda foydalanilgan asbob-uskunalar: turli holatlardagi havo, tuproq harorati va namligini o‘lchaydigan gidrometr, atmosfera bosimini o‘lchaydigan barometr, suv sathi, shamol tezligini o‘lchaydigan anemometr, quyosh nurini o‘lchashda ishlatiladigan geliograflar o‘rin olgan.

Barometr va anemometrlar ikkiga bo‘linadi: turg‘un hamda olib yuruvchi. Geliograflar esa tomga o‘rnatilib, yer o‘qining quyosh chiqadigan va botadigan tarafi oralig‘iga qaratib qo‘yiladi. Undagi qog‘oz quyosh nurlari yuqori pallaga o‘tgan mahalda kuyishni boshlaydi, nurlar pasayavergani sari kuyish jarayoni to‘xtaydi. Bu bilan quyosh chiqayotgan vaqtda nurning kuchliligi, yorug‘lik miqdori aniqlanadi.

Muzeyda maketi ko‘rsatilgan meteomaydon 1867-yilda Toshkentning eng baland rel’efga ega nuqtasida tashkil qilingan. Keyinchalik uning negizida O‘zgidromet xizmati tashkil qilingan. Uning eng asosiy tarixiy ahamiyatlaridan biri — 150 yildan buyon hech qayerga ko‘chirilmay, kuzatuv ishlari olib borilayotganligida.

muzey, ўзгидромет, фоторепорtaж

Xaritadan biroz uzoqlashish bilan javonlarda taxlab qo‘yilgan, O‘zgidrometning rivojlanishiga asos bo‘lgan ilmiy va ilmiy-uslubiy kitoblar va qo‘llanmalar, maxsus jurnallarni ko‘rish mumkin.

muzey, ўзгидромет, фоторепорtaж

Sovet davrida O‘zgidromet gidrologiya, glasiologiya, gidrometeorologik jarayonlarga faol ta’sir ko‘rsatuvchi qishloq xo‘jaligi meteorologiyasi, sinoptik tadqiqotlar, iqlim tadqiqotlari, stratosfera ozonini, atrof-muhitning ifloslanishini tadqiq qilish bo‘yicha eng yirik ilmiy-uslubiy markaz sifatida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston kabi qo‘shni davlatlarning meteorologiya markazlarini boshqarib turgan — Markaziy Osiyo mintaqasi uchun bosh girometeorologiya markazi bo‘lgan.

muzey, ўзгидромет, фоторепорtaж

Shu bois muzeyda Qirg‘iziston hududida joylashgan, XIX asr oxiridan beri muntazam kuzatib, tadqiq etib boriladigan Abramov muzligi va u yerdagi tadqiqot stansiyasining maketi ham o‘rnatilganiga hayron bo‘lmaslik kerak. Ushbu muzlikda alohida meteostansiya tashkil etilgan bo‘lib, unda suv resurslarini o‘rganish maqsadida glasiologik kuzatuvlar olib borilgan.

muzey, ўзгидромет, фоторепорtaж

Muzliklarning darajasi, miqdori, qor qoplamiga qarab qancha suv resursi mavjudligi, keyinchalik uning ko‘payish yoki kamayishi haqida ma’lumotlar olish mumkin. Muzeyda glasiolog mutaxassislarning Abramov muzligidagi ish jarayoni aks etgan fotosurat ham mavjud. Muzlikka oddiy transport vositalari orqali borish imkonsiz bo‘lgani tufayli mutaxassislar har yarim yilda navbatma-navbat vertolyot orqali almashib turgan.

Sovet Ittifoqi parchalangach, Abramov muzligida meteostansiya xalqaro maqom olib, unda asosan qirg‘izistonlik mutaxassislar kuzatuvlar olib borgan, ayni vaqtda O‘zbekiston bilan ma’lumot bilan almashib turilgan. 1999-yil avgustida meteostansiyani jangarilar egallab olgan. Ularga qarshi operatsiya vaqtida stansiya harbiy-havo kuchlari tomonidan bombardimon qilingan.

Mazkur muzlikdagi ma’lumotlar juda muhim hisoblangani bois, keyinchalik Jahon meteorologiya tashkiloti homiyligida hududda avtomatik meteostansiya o‘rnatilgan va shu asosida asosiy ma’lumotlarni yetkazib turish davom etmoqda.

“Hozir glasiologiya chet elda ham katta ahamiyatga ega yo‘nalishlardan biri — suv zaxiralarini aniqlash bugun va kelajak uchun o‘ta dolzarb. Soha mutaxassislariga yuqori maosh to‘lanadi. Avvallari O‘zbekistonda glasiologiya muhim yo‘nalish sifatida ko‘rilganiga qaramay, moddiy imkoniyatlar cheklanib, mutaxassislar kamaydi. Sanoqlilargina davlat yoki xorijiy grantlardan yutib, faoliyatini davom ettirishga harakat qilmoqda”, — deydi muzey mudiri Viktoriya Donati.

“Abramov”ning yonida unga o‘xshash yana bir maketga ko‘zingiz tushadi. Bu Tojikistonda joylashgan, O‘rta Osiyoda eng katta hisoblangan muzlik — “Fedchenko”ning maketidir. Fedchenko muzligidagi meteostansiya ham hamon ishlamoqda.

Muzliklarning maketlari o‘rnatilgan stendning chap tomonidan do‘lga qarshi asbob-uskunalarni ko‘rish mumkni. Ular do‘l yog‘ishidan oldin dalalarga o‘rnatilib, bulutlarga qarata “o‘t ochgan”. Shunda “o‘q-dori”dagi turli moddalar ta’sirida do‘l yomg‘irga aylangan va ko‘plab ekinlar saqlab qolingan. Viktoriya Donatining aytishicha, bu kabi uskunalardan asosan O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi 2004-yildan beri muntazam foydalanib kelmoqda.

muzey, ўзгидромет, фоторепорtaж

Devorlarga O‘zgidrometdagi faoliyati davomida muhim kashfiyotlar qilgan olimlarning portretlari, ularning ixtirolari uchun olgan patent va sertifikatlarlari, xizmatning faxriy xodimlari suratlari ilib qo‘yilgan.

Muzeydagi eksponatlar orasida Morze qurilmasi va eski faks ham alohida e’tiborga molik. Avvallari meteostansiyalar o‘zaro ma’lumot almashishda aynan shunday texnikalardan foydalanilgan. Xususan, 2004-yilgacha Morze qurilmasi barcha meteostansiyalarda ishlatilar edi. Hozir undan faqat interneti yo‘q, sun’iy yo‘ldosh aloqasi ham ishlamaydigan hamda tog‘larda joylashgan stansiyalardagina foydalaniladi.

O‘zgidromet mutaxassislari tog‘ va tog‘oldi hududlarda sel, qor ko‘chkisi, toshqinlarga oid vaziyatni o‘rganib, xavflarni oldindan aniqlash maqsadida aerovizual tekshiruvlar o‘tkazadi. Shuningdek, O‘rta Osiyodagi eng baland va uzoq masofaga cho‘zilgan tog‘ tizmasi — Tyan-Shanda ham qor ko‘chkilarini kuzatib borish xizmat xodimlarining vazifalaridan hisoblanadi.

muzey, ўзгидромет, фоторепорtaж

Muzeyda O‘zbekistonda yagona hisoblangan Toshkent gidrometeorologiya texnikumi faoliyatiga oid suratlar va hujjatlar bilan tanishish mumkin. Hozirda bu texnikum kollejga aylantirilgan. “Kollejda 6 ta kafedra bor, 49 o‘qituvchi ishlaydi. Ularning ikki nafari fan nomzodi, 12 nafari esa Rossiya, Finlyandiya, Malayziya, Indoneziya kabi mamlakatlardagi xalqaro seminarlarda ishtirok etgan. Kollej meteorolog mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha yaxshi muassasa hisoblanadi”, — deydi Viktoriya Donati.

muzey, ўзгидромет, фоторепорtaж

Ko‘rib turganingiz quyidagi katta stol — 1891-yilda tayyorlangan bo‘lib, u 1963-yilgacha O‘zgidromet rahbarlarining ish o‘rni hisoblangan. Stolda xizmat rahbarlariga jo‘natilgan sovg‘a-salomlar bilan birga O‘zgidromet faoliyati ijobiy baholab, Jenevadan yuborilgan faxriy yorliqni ko‘rish mumkin.

muzey, ўзгидромет, фоторепорtaж

Gidrometeorologiya sohasida sulolaviy mehnat qiluvchilar anchagina. Umumiy “Ajdodlar albomi” deb nomlangan stendlarda 50 dan ortiq oila haqidagi ma’lumotlar bilan tanishish mumkin.

O‘zgidromet xodimlari qo‘lga kiritgan turli faxriy yorliqlar, tabriknoma va diplomlar, sovg‘alar, mahalliy va xalqaro ekspeditsiyalardan olib kelingan esdalik sovg‘alari va suratli albomlarini ham ko‘plab ko‘rish mumkin. Albomlar orasida eng e’tiborga moligi — Antarktida ekspeditsiyasida qatnashgan 14 nafar xodimi haqidagisidir.


Muzeyda, shuningdek, “Ob-havo prognozi xizmati”, “Aviatsiyaga xizmat ko‘rsatish”, “Ifloslanish monitoringi”, “Ekologik tadqiqotlar”, “Qishloq xo‘jaligi meteorologiyasi”, “Faol ta’sir etish”, “Asbobsozlik”, “Bosmaxona”, “Glasiologik tadqiqotlar” kabi yana ko‘plab stendlar bor.


Meteorologik xizmatning rivojlanishi to‘g‘risida tarixiy va ishonchli ma’lumotlarni olish uchun muzeyga ekskursiyalar ham o‘tkaziladi. Viktoriya xonim taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, muzeyga 2019-yildan 2021-yilning apreligacha 500 ga yaqin kishi tashrif buyurgan. Ular orasida O‘zgidromet faxriylari va mehmonlari, sobiq va hozirgi xodimlari, malaka oshirish kurslari tinglovchilari, kasb tanlash ostonasida turgan o‘quvchilar, maktab o‘qituvchilari, kollej va oliy o‘quv yurtlari talabalari bor.

muzey, ўзгидромет, фоторепорtaж

Ketishga hozirlanar ekanmiz, Viktoriya Donati muzey O‘zgidromet xizmat faoliyatiga oid materiallarni yig‘ish va namoyish etishga qaratilgan ishlarini davom ettirishini ta’kidladi.