Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari AQShga noqonuniy yuborishga urinishning yana bir holatini aniqladi, deya xabar bermoqda departament matbuot xizmati.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda “L.” MCHJ rahbari M.U. va boshqalar fuqaro Z.S.ni tanishlari yordamida rasmiy viza hujjatlarisiz Turkiya va Meksika davlatlari orqali Amerika Qo‘shma Shtatlariga ishga jo‘natmoqchi bo‘lgan. Evaziga 25 ming dollar olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 28, 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.