2023/2024 o‘quv yilidan boshlab pedagogik kadrlar tayyorlovchi OTMlarning sirtqi ta’lim shakliga faqatgina kamida 5 yil pedagogik stajga ega o‘qituvchilar qabul qilinadi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu prezidentning “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan. Talabgorlarning pedagogik ish stajiga ega ekani “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidagi ma’lumotlar asosida belgilanadi.

Maktab direktorlari OTMga 2023/2024 o‘quv yiliga kirish test imtihonlarida ishtirok etish uchun hujjat qabuli boshlangunga qadar maktabda faoliyat yuritayotgan oliy pedagogik ma’lumotga ega bo‘lmagan o‘qituvchilarga tegishli ma’lumotlarni vazirlikning “Yagona elektron tizimi — erp.maktab.uz dasturiga kiritishi kerak.