3-may kuni Vazirlar Mahkamasining “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini jamoatchilik fikri asosida tashabbusli budjetlashtirish jarayonlari orqali amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (VMQ-183-son) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida moliyalashtiriladigan tadbirlar 2023-yildan boshlab jamoatchilik fikri asosida “Ochiq budjet” portalida ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi.

Har bir mahallada umumiy qiymati 8 mlrd so‘mdan oshmagan hamda tarkibida bir nechta tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan loyihalar paketi shakllantiriladi.

Dasturlar doirasida jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish va ular uchun ovoz berish jarayoni — har yili noyabr-dekabr oylarida (2023-yil uchun, istisno tariqasida, 2023-yil may oyida) o‘tkaziladi.

Jarayon 3 ta bosqichda tashkil etiladi:

  • 1-bosqichda — portalda loyihalar to‘plami shakllantiriladi;
  • 2-bosqichda — shakllantirilgan loyihalar to‘plami saralab olinadi;
  • 3-bosqichda — saralash bosqichidan o‘tgan loyihalar to‘plamlariga ovoz beriladi.

G‘olib mahallalar (qishloqlar) ovoz berish jarayoni boshlanishidan avval keng jamoatchilikka e’lon qilingan holda quyidagi usullardan biri orqali aniqlanadi:

  • loyihalar to‘plamiga berilgan ovozlar sonidan kelib chiqib;
  • aholisi soni kam bo‘lgan mahallalarga (qishloqlarga) tuzatish koeffitsiyentini qo‘llagan holda loyihalar to‘plamiga berilgan ovozlar sonidan kelib chiqib.

Ovoz berish jarayoni yakunlariga ko‘ra har bir tuman (shahar) uchun jamg‘armada shakllantirilgan mablag‘lar doirasida eng yuqori ko‘rsatkichni egallagan loyihalar to‘plami g‘olib deb topiladi.

Bunda loyihalar to‘plami g‘olib deb topilishi uchun kamida 100 ta ovoz to‘plashi lozim.

Ovoz berish yakunlangandan so‘ng 3 kunda g‘olib deb topilgan loyihalar to‘plamini amalga oshirish bo‘yicha manzilli ro‘yxat shakllantiriladi hamda jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha tuman (shahar) saxsus komissiyasining tegishli qarori qabul qilinadi.

Tuman (shahar) hokimligi tomonidan 3 kunda loyihalar uchun manzilli ro‘yxatda nazarda tutilgan mablag‘lar o‘tkazib beriladi.

Har yil yakunlari bo‘yicha jamoatchilik fikri asosida loyihalarni shakllantirish bilan bog‘liq jarayonlarda faol ishtirok etgan fuqarolar rag‘batlantirib boriladi.

Eslatab o‘tamiz, 17-apreldan Open budget portalida “Mening yo‘lim” loyihasining 2023-yilgi mavsumi uchun arizalar qabuli boshlangandi. Loyihaga 312 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi. Kiritilgan takliflar uchun ovoz berish jarayoni 28-apreldan 7-mayga qadar o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, “Tashabbusli budjet” loyihasining 2023-yildagi 1-mavsumiga ovoz berish 7-aprelda yakunlangan. Jami 1666 ta loyiha g‘olib deb topilgan va ularni amalga oshirish uchun 1,6 trln so‘mga yaqin mablag‘lar yo‘naltirilishi belgilangan.