Humo va Uzcard to‘lov tizimlari bankomatlarini o‘zaro integratsiyalash 7−10 kun ichida yakunlanishi rejalashtirilgan. Bu haqda 4-may kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

“Ish yakunlandi. Hozir tizim ayrim bankomatlarda sinovdan o‘tkazilmoqda. Yaqin 7−10 kun ichida u to‘liq ishga tushadi. Hech qanday muammo yo‘q, maqsadimiz naqd pul yechib olish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish emas, balki bankomatlarning funksionalligini bir-biri bilan birlashtirishdir”, — dedi u.

Bundan tashqari, Toshkent shahrida huquqiy eksperiment sifatida ayrim savdo do‘konlari va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining kassalarida (virtual kassa) bank kartasidan pul yechib olish imkoniyatini joriy etish rejalashtirilgandi. Dastlabki bosqichda tajriba Korzinka supermarketlar tarmog‘ida (mamlakat bo‘ylab 100 dan ortiq supermarketlari mavjud) amalga oshirilishi mo‘ljallangandi.

Markaziy bank rahbarining aytishicha, Korzinka`da virtual kassada tajriba allaqachon o‘tkazilgan. Hozirda mazkur tizim bo‘yicha regulyatorning me’yoriy-huquqiy hujjati Adliya vazirligida ko‘rib chiqilmoqda.

“Ya’ni, maksimal miqdor [naqd pul yechib olish bo‘yicha] qancha bo‘lishi kerak. Biz Korzinka tarmog‘i bilan muzokaralar olib bormoqdamiz. Ular naqd pul berish uchun komissiyaning ma’lum foizini olishni xohlashadi. Biz bu komissiyani qisqartirish ustida ishlayapmiz”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning yanvar oyida Markaziy bank rahbari Humo va Uzcard to‘lov tizimlari uzoq muzokaralardan so‘ng o‘zaro integratsiya bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgandi.

Jarayonga harakat birinchi marta 2020-yil sentabr oyida boshlangan. 2021-yil dekabr oyi oxirida Uzcard va Humo o‘zaro integratsiyaning birinchi bosqichini yakunlayotgani xabar qilingan. Bu tizim bilan ikkita to‘lov tizimining terminallari ikkala kartani ham qabul qila oladi. Tizim paydo bo‘lishi uchun banklar terminallarini qanday yangilash bo‘yicha ko‘rsatmalar olishlari kerak edi.

Prezident qarorida, shuningdek, 2023-yil oxirigacha ikki tizimning to‘lov terminallarini integratsiyalash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgandi.