2024-yildan Toshkent shahri va viloyatlar hokimlariga kengash raisi lavozimini egallashi taqiqlanadi. Bu haqda 3-may kuni Senat raisi Tanzila Narbayeva yalpi majlisda ma’lumot berdi.

Prezident 2022-yilda hokimlar va mahalliy kengashlar vakolatini ajratish taklifini ilgari surgan. Toshkent shahri va viloyatlarda bu jarayon 2024-yildan (mahalliy kengashlarga saylov natijalariga ko‘ra), tuman va shaharlarda esa 2026-yil 1-yanvardan boshlanadi.

“Endi hokimlarning o‘zlari qaror qabul qilib, o‘zlari rahbarlik qiladigan mahalliy kengashlarda ushbu qarorlarni tasdiqlatish va uning ijrosini nazorat qilish amaliyotidan butunlay voz kechiladi. Chunki mahalliy kengashlar va hokimlarning vakolatlari alohida-alohida belgilanmoqda. Bu esa ushbu organlar mas’uliyati va javobgarligini oshirish bilan bir qatorda, vazifalar takrorlanishining ham oldini oladi”, — dedi Narbayeva.

Senat raisining ta’kidlashicha, endilikda mahalliy vakillik organlari xalq nomidan muhim siyosiy qarorlarni mustaqil qabul qiladi. Hokimlar faoliyati ustidan ta’sirchan kengash va deputatlik nazorati o‘rnatiladi. Bunday yangi yondashuv natijasida hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi mahalliy darajada tatbiq etiladi. Kengashlar nazorati kuchayishi hokimlarning mas’uliyati oshishiga zamin yaratadi.

Mazkur sharoitda Senat o‘zining hududlar manfaatini ifoda etadigan organ sifatidagi yangi konstitutsiyaviy mohiyatidan kelib chiqib, mahalliy kengashlar faoliyatini muvofiqlashtirish funksiyasi asosida ular bilan hamkorlik darajasini yangi bosqichga olib chiqishi lozimligi qayd etildi.

“Joylardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarning yechimida doimiy komissiyalar rolini kuchaytiramiz. Doimiy komissiyalar aholini tashvishga solayotgan masalalarni nafaqat mahalliy kengashlar muhokamasiga, balki Senat qo‘mitalari bilan hamkorlikda Senat majlislariga ham olib chiqish amaliyotini keng yo‘lga qo‘yishlari maqsadga muvofiq. Buning uchun qo‘mitalar va doimiy komissiyalar o‘rtasidagi o‘zaro faoliyat faqatgina zarur hollarda yuzaga kelishi emas, balki uzluksiz va tizimli ahamiyat kasb etishi lozim. Qo‘mitalarimiz keyingi ish faoliyatida mahalliy kengashlar ishtirokini, har bir masalani ular bilan uzviy hamkorlikda hal etishni inobatga olishlari zarur”, — deya qayd etdi Senat raisi.

Bundan tashqari, yangi Konstitutsiyada belgilangan normalardan kelib chiqib, vakillik organlari faoliyatini tartibga solishga doir barcha normativ-huquqiy hujjatlar to‘liq qaytadan ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi.

Kengashga, qonun hujjatlariga muvofiq, uning o‘rinbosarlari orasidan saylanadigan rais boshchilik qiladi. Viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o‘zida kengash raisi lavozimini egallashi mumkin emas.

Ayni bir shaxs ketma-ket ikki muddatdan ortiq kengash raisi lavozimida ishlay olmaydi. Xuddi shunday talab hokimlar uchun ham tatbiq etilgan.

Shu bilan bir paytda, hujjatda hokimlarning kengash deputati, keyin esa senator etib saylanishiga taqiq qo‘yilmagan. Hozirda deyarli barcha viloyatlar hokimlari senator hisoblanadi.

“Gazeta.uz” kolumnisti Komil Jalilov avvalroq hokimiyat tarmoqlarining haqqoniy bo‘linishi va reprezentativ demokratiyaning mustahkamlanishi bo‘yicha o‘zgartirishlar yetishmagani bo‘yicha o‘z fikrlari bilan bo‘lishgandi.

Xususan, senatorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylovini (ular Senatda vakillik qilishi lozim bo‘lgan viloyatlar aholisi tomonidan saylanadi) joriy etish va senatorlarni davlat rahbari farmoni bilan tayinlash amaliyotidan voz kechishni taklif qilgan. Hozirda prezident 100 senatordan 16 nafarini, yangi loyihaga ko‘ra esa, 65 senatordan 9 nafarini tayinlashi mumkin.