29-aprel kuni “Kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qanoatlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident farmoni [PF-63-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Farmonga ko‘ra, 2023-yil 1-iyuldan:

  • undiruv garovga qo‘yilgan mol-mulkka suddan tashqari tartibda qaratilganda garov obyektini “E-auksion” elektron savdo platformasida auksionga kreditorning yoki qarzdorning buyurtmasi asosida qo‘yishga ruxsat etiladi;
  • hisob-kitob va kredit munosabatlaridan kelib chiqadigan asoslar bo‘yicha qarzni undirish uchun notariuslardan ijro xati olishda tijorat banklari oldidagi qarzni ikki tomonlama tasdiqlovchi solishtirish dalolatnomasi talab etilmaydi.

2024-yil 1-yanvardan quyidagilar joriy etiladi:

  • to‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari jarayonida kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini garovga qo‘yilgan mol-mulk qiymatidan qanoatlantirishda ularga mutlaq ustunlik berish;
  • garovga qo‘yilgan mol-mulkni takroriy auksionda sotish mumkin bo‘lgan eng past narxni auksion obyekti boshlang‘ich narxining 80 foizi miqdorida belgilash. Bunda, mol-mulk takroriy auksionda realizatsiya qilinmasa, undiruvchiga ushbu mol-mulkni auksion boshlang‘ich narxidan 25 foiz past qiymatda o‘zida qoldirish taklif qilinadi;
  • undiruv qaratilgan garovga qo‘yilgan mol-mulkning ochiq kimoshdi savdosida sotilishini garovga qo‘yuvchining iltimosiga asosan kechiktirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi;
  • qarzdorning ixtiyoriy ravishda tugatilishi jarayoni boshlanishi munosabati bilan davlat ijrochisi tomonidan ijro ishini tamomlash hamda mol-mulkni tasarruf qilishga doir cheklovlarni olib tashlash amaliyotini bekor qilish.