Senatning qirqinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar qildi.

Qonun bilan tadbirkorlik subyektlarining bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazganlik yoki olib qo‘yganlik yoxud ortiqcha undirilgan mablag‘larni o‘z vaqtida qaytarmaganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilanmoqda.

Xususan, qonunda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha modda kiritilib, bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘larini tadbirkorlik subyektlarining roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ortiqcha undirilgan pulni o‘z vaqtida qaytarmaslik holati bo‘yicha aybdorga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solinishi qayd etilmoqda.

Shuningdek, qonun bilan tadbirkorlarning pul mablag‘larini qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ularni o‘z vaqtida qaytarmaslik yuzasidan Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha modda kiritilib, unga ko‘ra mazkur holatlar ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin ham sodir etiladigan bo‘lsa, sodir etilgan jinoyatning toifasiga qarab bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 600 baravarigacha jarima yoki 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.