1-may kuni “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati va avtobus saroyi rahbarlari ishtirokida jamoat transporti tizimida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan muammolar yuzasidan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi, deya xabar bermoqda tashkilot matbuot xizmati.

Unda o‘ziga biriktirilgan avtobusni ehtiyotsizlik bilan boshqargan avtobus haydovchisi T.N., shuningdek, avtobus saroyi mas’ul xodimlariga chora ko‘rildi. Bunga ularning o‘z xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgani, avtobuslar harakatini xavfsiz tashkil etish choralarini ko‘rish bo‘yicha haydovchilar o‘rtasida yetarli darajada yo‘riqnoma o‘tkazib, tushuntirish ishlarini olib bormagani sabab bo‘lgan.

Shuningdek, avtobuslardagi reklama bannerlari joylashtirilishi va bartaraf etilishiga sovuqqonlik bilan yondashgani hamda yo‘nalishlarga chiqariladigan avtobus va elektrobuslarning ish tartibini to‘g‘ri tashkil etmagani kabilar ham asos bo‘lgan.

Jumladan:

  • 2-Avtobus saroyi filiali direktori o‘rinbosari va harakat xavfsizligini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi, filial direktoriga hayfsan chorasi ko‘rildi;
  • 1-Avtobus saroyi filiali direktori o‘rinbosari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi, filial direktoriga hayfsan intizomiy chorasi ko‘rildi;
  • 7-Avtobus saroyi filiali direktori o‘rinbosariga hayfsan intizomiy chorasi ko‘rildi. Reklama joylashtirish bo‘yicha mas’ul xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi;
  • 1-, 2-, 5-, 7-, 8-, 12-, va 18-Avtobus saroylari filiallari bosh muhandislariga hayfsan intizomiy chorasi ko‘rildi.

Shuningdek, barcha avtobus saroyi rahbarlariga yo‘lovchilar bilan xushmuomala bo‘lish, xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirish yuzasidan barcha haydovchilar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilib, haydovchilar ustidan nazorat kuchaytirilishi yuzasidan qat’iy topshiriqlar berilgan.

“Yuqoridagi kabi holatlar kuzatilgan taqdirda, „Toshshahartransxizmat“ aksiyadorlik jamiyatining 1062 ishonch raqamiga va info@tashbus.uz orqali murojaat qilishingizni hamda avtobus haydovchisi yoki chiptachisi amalga oshirayotgan qoidabuzarlikni suratga olib, avtobus raqamini bizga yuborishingizni iltimos qilamiz”, — deyiladi xabarda.