Aprel oyida inflyatsiya 0,8 foizni, 2022-yil dekabriga nisbatan 3,3 foizni, yillik ko‘rsatkichda (o‘tgan yilning apreliga nisbatan) 11 foizni tashkil etdi, deyiladi Statistika agentligi hisobotida.

Oy davomida tovarlar narxining o‘sishi 0,9 foizni, xizmatlar narxining 0,5 foizni tashkil etdi. Yil boshidan buyon bu ko‘rsatkich mos ravishda 3,6 va 2,2 foizga yetdi. Yillik nisbatda ko‘rsatkich 11,7 foizni va 8,6 foizni tashkil etdi.

Aprel oyida oziq-ovqat mahsulotlari 1,2 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,5 foizga, yil boshidan mos ravishda 4,7 va 2,2 foizga, yillik qiymatda 13,7 va 9,3 foizga qimmatlashdi.

Aprel oyida, yil boshidan beri birinchi marta sabzavotlar, ildizmevali va dukkakli ekinlar narxi 0,8 foizga pasaygan. Xususan, baqlajon (0,7 foiz), turp (1,4 foiz), qovoq (2,4 foiz), kartoshka (2,8 foiz), ko‘katlar (3 foiz), qalampir (4 foiz), piyoz (12,4 foiz) va bodring (52,9 foiz) narxi arzonlashgan. Shu bilan birga, lavlagi (4,1 foiz), sarimsoq (4,5 foiz), karam (7,8 foiz), sabzi (13,2 foiz), pomidor (21,3 foiz) va banan (39,6 foiz) qimmatlashgan.

Oy davomida go‘sht 1,4 foizga, sut 2,5 foizga, meva va yong‘oqlar 5,4 foizga, shakar 10,5 foizga, guruch 14,1 foizga qimmatlashgan. Tuxum 4,3 foizga, kungaboqar yog‘i 4,5 foizga, un 2,4 foizga arzonlashdi.

Aprel oyida kiyim-kechak 0,5 foizga, poyabzal 0,4 foizga qimmatlashdi.

Ta’mirlash materiallari narxi 2,1 foizga qimmatlashdi, O‘zbekistonning ikki viloyatida maishiy chiqindilarni olib chiqish uchun to‘lovlar 8,8 foizga oshgani qayd etildi, biroq respublika bo‘yicha o‘rtacha oylik ko‘rsatkich 1,7 foizni tashkil etdi. Ijara uy-joy xizmatlari 0,1 foizga kamaydi.

Aprel oyida dori vositalari 1,9 foizga, stomatologiya xizmatlari 0,1 foizga, ambulator davolanish 2,2 foizga, diagnostika va tibbiy laboratoriya xizmatlari 0,3 foizga qimmatlashdi.