Yakshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi 772-saylov uchastkasida referendum o‘tkazish bo‘yicha uchastka komissiyasi a’zosi bo‘lgan ayol ketma-ket olti byulletenni to‘ldirib, “Ha” katagiga belgi qo‘ygani aks etgan video tarqaldi.

“Mazkur xabar yuzasidan zudlik bilan Markaziy saylov komissiyasi vakillari holatni joyiga chiqib o‘rganishdi”, — deyiladi MSK xabarida.

Aniqlanishicha, mahalla faoli va referendum uchastka komissiyasi a’zosi fuqaro T. N. o‘zboshimchalik bilan byulletenlardan 16 donasini olib, oila a’zolari nomidan referendum qonunchiligini buzgan holda ularga belgilar qo‘ygan.

“Ushbu holat joyida komissiya raisi tomonidan aniqlanib, mazkur byulletenlar bekor qilinishi ta’minlangan va umumiy hisobdan chiqarilib, buzib qo‘yilgan byulletenlarga qo‘shilgan”, — deya ma’lum qildi MSK.

Holat yuzasidan Markaziy saylov komissiyasi nazoratida 14-Toshkent shahar referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyasi tomonidan prokuratura organlari bilan hamkorlikda atroflicha o‘rganilmoqda.

MSK referendum jarayonlarini qonuniylik prinsiplari asosida o‘tkazilishiga befarq bo‘lmaganliklari uchun jamoatchilik vakillariga minnatdorchilik bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, ertalab “Gazeta.uz” saylov uchastkalarida jurnalistlar tomonidan individual qonunbuzilish holatlari qayd etilgani haqida xabar bergan edi. Eng keng tarqalgan qonunbuzarlik, bu — oila a’zolari uchun ovoz berishdir. Muxbirlarimiz kuzatuvchilarning passivligi yoki ularning yo‘qligiga ham ishora qilishdi.

Keyinroq Bosh prokuratura barcha ma’lumotlar prokuratura organlariga yetib bormasligini ma’lum qilib, jamoatchilik, jurnalistlar va kuzatuvchilarni qonunbuzarliklar haqida “1007” ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib xabar berishga chaqirdi.

Kechqurun MSK ba’zi saylov uchastkalarida “ovoz berish natijalariga ta’sir qilmasligi” mumkin bo‘lgan qoidabuzarliklarni tan oldi. Shu bilan birga, komissiya qonunbuzarliklar haqidagi xabarlar orasida ishonchsiz ma’lumotlar ham borligini ta’kidladi.