30-aprel soat 8:00 dan O‘zbekiston bo‘ylab yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi loyihasi bo‘yicha referendum boshlandi. Referendum uchastkalari ovoz beruvchilarni musiqa sadolari bilan kutib olmoqda. “Gazeta.uz” poytaxtdagi referendum uchastkalarida jarayon qanday boshlangani to‘g‘risida fotoreportaj tayyorladi.

Shayxontohur tumani 421-referendum uchastkasi

Ushbu referendum uchastkasida soat 7:40 lardan boshlab ovoz kuchaytirgichlar orqali vatan haqidagi qo‘shiqlar yangradi. Bu vaqtda uchastka vazifasini o‘tayotgan maktab hovlisida 5−6 nafa fuqaro ovoz berish boshlanishini kutib o‘tirganini ko‘rish mumkin edi.

Soat 8:00 da uchastkaga o‘rnatilgan ovoz kuchaytirgichlarda O‘zbekiston madhiyasi yangradi. Shundan so‘ng ovoz beruvchilar ro‘yxatdan o‘tib ovoz berishni boshladi.

Shayxontohur tumani 376-referendum uchastkasi

Ushbu uchastkada ovoz berish jarayonlari madhiyadan so‘ng otaxonlar duosi bilan boshlandi.

Qayd etish kerakki, 376-referendum uchastkasida ovoz berishda ilk marta qatnashayotganlarga sovg‘alar berildi.

Mirzo Ulug‘bek tumani 35-referendum uchastkasi

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 35-referendum uchastkasi Qurolli kuchlar yotoqxonasida tashkil etildi. Jarayon ertalab soat 08:00dan O‘zbekistonning milliy madhiyasi bilan boshlandi.

Undan so‘ng vatanni madh etuvchi qo‘shiqlar yangrashda davom etmoqda. Uchastka raisi Durdona Qosimovaning so‘zlariga ko‘ra, jarayonni madhiya bilan boshlash har bir hududning o‘z tashabbusidir.

“Buni vatanparvarlik deb bilaman, davlatimiz Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritilyapti, bu siyosiy tadbir. Bu hammaning o‘zining tashabbusi”, — dedi u.

Aslida, O‘zbekiston madhiyasi to‘g‘risidagi qonunning 3-moddasi 11-bandida madhiya ovoz berish o‘tkaziladigan binolarda soat 8:00 da ijro etilishi belgilangan.

Ta’kidlanishicha, ushbu musiqa uchun texnikalar hududning o‘ziga tegishli buyumlardir. Qaysidir uchastkalarga bunday qurilmalarni olishda hokimiyat ham yordam berdi, bizdagi esa o‘zimizniki, deydi Durdona Qosimova.

Mazkur saylov uchastkasida 2419 nafar saylovchilar bor. Uchastka raisi o‘z ovozini berish uchun tonggi soat 06:30 dan kelganlar ham borligini, “Qachon ochasizlar?” deganlar ham borligini aytib o‘tdi.

“Gazeta.uz” kun davomida ovoz berish jarayonini yoritib boradi.