Firibgarlikda ayblanib, Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan shaxs Polshadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi, deb xabar bermoqda Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi.

Erkak 2022-yilning mart oyida Polshada Interpolning Qizil xabarnomasiga aloqador shaxs sifatida hibsga olingan, O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan firibgarlik uchun qidiruvga berilgan.

U Janubiy Koreyaga ishlash uchun chet elga chiqmoqchi bo‘lganlardan hujjatlarni rasmiylashtirish va mamlakatga kirishga ruxsat olish bo‘yicha pulli xizmatlarini taklif qilgan. Shu tarzda bir necha kishilarni aldagani aytilgan.

U pullarni o‘zlashtirgan hamda va’dalarini bajarmagan holda chet davlatga qochgan. Biroq O‘zbekiston va Polsha davlatlari MMB xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining ekstraditsiya qilish haqidagi iltimosnomasi qanoatlantirilgandan so‘ng erkak Interpol xodimlari hamrohligida sudga tortish uchun O‘zbekistonga olib kelindi.