Shavkat Mirziyoyev 27-aprel kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassirni qabul qildi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatiga ko‘ra, yangi o‘rta muddatli sheriklik dasturi doirasida bank guruhi bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

ислом taraqqiyot banki, ўзбекистон

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda qo‘shma loyihalar portfeli iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini qamrab olgan holda 1,3 milliard dollardan oshgan.

Forum doirasida qishloq va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, maktabgacha ta’limni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish yuzasidan umumiy qiymati 400 million dollarlik bitimlar imzolandi.

Uchrashuvda, shuningdek, amaliy hamkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik va xususiy investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy vositalarni takomillashtirish, bank tuzilmalarini loyiha ishlariga faol jalb qilish borasida aniq loyihalarni ilgari surish, mamlakatning JSTga qo‘shilishi va innovatsion ekotizimni yaratish masalalarida texnik ko‘makni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shu yilning mart oyida Islom taraqqiyot banki O‘zbekistondagi qishloq joylarni rivojlantirish uchun 200 mln dollar ajratgandi. Loyihada 113 ta qishloqni rivojlantirish, yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, elektr ta’minoti tizimini yaxshilash rejalashtirilgan.

2021-yilda ham ITB va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan O‘zbekistondagi qishloq joylarini rivojlantirish loyihasi uchun $275 mln miqdorida qarz ajratilishi ma’lum qilingandi. Loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarining 20 ta tumanidagi 170 ta MFY hududlarida amalga oshirishi aytilgan.