Iyun oyidan O‘zbekiston va Chernogoriya o‘rtasida doimiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda 25-aprel kuni Toshkentda o‘tgan ikki davlat turizm tadbirkorlarining ochiq muloqotida ma’lum qilindi, deya xabar berdi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga.

Qayd etilishicha, reyslar O‘zbekistonning Prestige Travel kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.

“Bu ikki mamlakat turizm sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar uchun yangi imkoniyat va muhim qulayliklar yaratadi. Amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatlar aholisining sifatli hordiq chiqarishlari uchun muhimdir”, — deya ta’kidladi kompaniya rahbari Oybek Ahmedov.

Shu bilan birga, tadbir davomida endilikda o‘zbekistonliklar Chernogoriya davlatiga vizasiz borishlari mumkinligi ham e’lon qilindi.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda O‘zbekiston fuqarolari dunyoning 22 ta davlatiga vizasiz bora oladilar. Yana 33 davlat O‘zbekiston fuqarolari uchun soddalashtirilgan viza tartibini joriy etgan.