Namangan viloyati Chortoq tumanida talaba qizni ta’qib qilgan erkakka nisbatan sud hukmi o‘qildi, de xabar bermoqda Ombudsman axborot xizmati.

Qayd etilishicha, Oliy Majlisning Inson huquqlari vakili (Ombudsman) ishonch telefoniga Namangan viloyati Chortoq tumanida yashovchi talaba qiz noma’lum bir shaxs tomonidan doimiy ravishda telefon orqali qo‘rqitib bezovta qilinayotgani bo‘yicha murojaat qilgan. Otasi chet davlatiga ishlash uchun ketgan murojaatchi qizning yozishicha, yigit uni va dugonalarini ko‘p bora bezovta qilgan, Hattoki, onasini o‘ldirish bilan ham qo‘rqitgan.

Mazkur murojaat Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakiliga yuborilib, Chortoq tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari bilan birgalikda ko‘rib chiqildi.

O‘rganishlar davomida, murojaatchini qo‘rqitib kelgan shaxs shu tumanda yashovchi, 1991-yilda tug‘ilgan A.O. ekani aniqlanib, unga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi va ish sudga oshirildi.

2023-yil aprel oyidagi Jinoyat ishlar bo‘yicha Chortoq tuman sudining tegishli hukmiga ko‘ra, 1991-yilda tug‘ilgan A.O.ga nisbatan eng kam oylik ish haqining 5 barobari (4,9 mln so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Shuningdek, aybdor A.O. dan murojaatchi qizni qayta bezovta qilmasligi to‘g‘risida tilxat olindi.