O‘zbekiston tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari A’zam Qodirxo‘jayev 26-aprel kuni “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasida mamlakat litiy qazib olishni yo‘lga qo‘yish niyatida ekanini ta’kidladi.

“O‘zbekistonda yirik litiy koni mavjud, biz ushbu metallni mamlakatda qazib olish va qayta ishlashni yo‘lga qo‘yishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz”, — dedi vazir o‘rinbosari.

Uning ta’kidlashicha, vazirlik butun mamlakatda “texnologik metallar” deb ataladigan sohani rivojlantirishni istiqbolli yo‘nalish deb hisoblaydi.

Bundan salkam bir yil avval O‘zbekiston prezidentiga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi qoshida ustav kapitali 15 million dollar bo‘lgan “Yangi kon” loyiha ofisini tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi. Tuzilma litiy, alyuminiy, magniy, grafit va boshqa noyob metallarni qazib olish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning investitsiyaviy takliflar portfeliga Toshkent viloyatidagi “Shovozsoy” litiy konini o‘zlashtirish kiradi. Uning zaxiralari 123 ming tonnadan oshadi. Loyihaning qiymati 59,5 million dollarga baholanmoqda.