25-aprel kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida kvadrotsikldagi ikki kishi jarlikka tushib ketdi, deya xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

O‘sha kuni soat 17:02 da Chimyon yong‘in-qutqaruv otryadiga xabar kelib tushgan. Unda Bo‘stonliq tumani “Chimyon” tog‘idagi Qiziljar hududida ikki nafar fuqaro kvadrotsiklda harakatlanib ketayotgan vaqtida jarlikka tushib ketgani aytilgan. Voqeaga ularning ehtiyotsizligi tufayli boshqaruvni yo‘qotgani sabab bo‘lgan.

Hodisa joyiga FVV qutqaruvchilari yetib borgan. Tan jarohati olgan fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatgan va ular tez tibbiy yordam xodimlariga topshirilgan.

Hozirda ularning sog‘liqlari yaxshi va shifokorlar nazoratida, deyiladi xabarda.