Tabiat resurslari vazirligi tashabbusi bilan Toshkent shahrida “Daraxtlarni asraylik” shiori ostidagi ekoaksiyaga start berildi. Mazkur aksiya 20-aprel kuni Olmazor tumanidagi “Shodiyona” mahallasidan boshlandi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Poytaxt hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan aksiyaning ochilish tadbirida hokimlik va vazirlik rahbariyati, IIO va obodonlashtirish xodimlari, jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdi.

Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimovning ta’kidlashicha, mazkur aksiyadan maqsad — betonlangan yoki asfaltlangan daraxtlarning tag qismini ochib, ularning yashovchanligini ta’minlash.

азиз абдuҳакимов, daraxtlarni asraylik, taбиат resurslari vazirligi

Aziz Abduhakimov.

“Bugun shahrimizda e’tiborsizlik oqibatida ko‘plab daraxtlarning ildiz qismi betonlangani yoki sun’iy qoplamalar bilan o‘ralganini ko‘rish mumkin. Bu esa ularning ildizlariga havo kirishini kamaytiradi, nobud bo‘lish xavfini keltirib chiqaradi. Aslida daraxtlar atrofi 50−60 sm ochiq bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, daraxtlarga tungi plastik yoritkichlar o‘rab qo‘yilganini ham ko‘p ko‘ramiz. To‘g‘ri, bu orqali shahar go‘zal bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Lekin yoritkichlarning qizishi daraxtlarning tabiiy rivojlanish jarayoniga aks ta’sir ko‘rsatadi, qurishiga olib keladi. Daraxtlarga reklama bannerlarini mix bilan qoqib, ilib qo‘yilishi ham salbiy holat. Qisqasi, daraxtlarning ildizi beton, asfalt va sun’iy qoplamalar tufayli juda katta zarar ko‘radi. Aksiya doirasida shu masalalarga qarshi kurashamiz”, — dedi vazir.

Abduhakimovning qayd etishicha, aksiyaga kimnidir jazolash nuqtai nazaridan yondashilmayapti. “Avvalo, odamlarni ogohlantirib, tushuntirish ishlarini olib boramiz. Bunday holatlarni bartaraf etishda bizga amaliy ko‘mak berishlarini xohlaymiz. Lekin ogohlantirishimizga befarq bo‘lgan yoki daraxtlar parvarishiga salbiy ta’sir qiladigan, ya’ni yuqorida aytib o‘tilgan holatlarni qilishda davom etgan tadbirkorlar hamda fuqarolarga qonuniy jazo ko‘rishga majbur bo‘lamiz. Shuning uchun ulardan e’tiborli bo‘lishlarini iltimos qilardik”, — dedi u.

Toshkent shahri hokimi birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovning aytishicha, ba’zi tadbirkorlar va ayrim aholi vakillari daraxtlarning tagini betonlab, suv quyish imkonini qoldirmasdan, ularni quritmoqda.

азиз абдuҳакимов, daraxtlarni asraylik, taбиат resurslari vazirligi

Baxtiyor Rahmonov.

“Endilikda Toshkentda ham, boshqa viloyatlarda ham daraxtlarning ostini betonlab, asfaltlab ketishni to‘xtatishimiz kerak. Bugundan asfalt va beton hibsiga tushgan daraxtlarning ostini bo‘shatib, ularga ikkinchi hayot berish maqsadida aksiya boshladik. Jarayon Olmazordan start oldi. Mazkur tumanda bunday daraxtlar 252 ta bo‘lib, bir necha kun ichida ularning ostini ochib, ozuqa berish imkonini yaratamiz. Bundan tashqari, Olmazordagi qurib qolgan, qishdan chiqolmay, sovuq urgan ikki yuzdan ziyod daraxtning ham qonun doirasida aktlarini tuzib, olishni [kesishni — tahr.] boshlaymiz”, — dedi u.

Uning qayd etishicha, daraxtlarni asfalt va betonlardan qutqarish aksiyasi parallel ravishda poytaxtning boshqa tumanlarida ham o‘tkaziladi va jarayon bir oy davom etadi. “Buni keyinchalik butun respublikada o‘tkazish, boshqa viloyatlarda ham ommalashtirish rejalashtirilgan”, — deya qo‘shimcha qildi poytaxt hokimligi rasmiysi.

Rahmonovning so‘zlariga ko‘ra, “Yashil makon” loyihasi doirasida poytaxtda mevali va manzarali daraxtlar, gullar ekish havo haroratining iliqligi sababli haligacha davom etmoqda. “Bu yil kuz bilan hisoblasak, 1 250 000 daraxt ekildi. Shuningdek, davlat rahbari har bir mahallada mingtadan qo‘shimcha daraxt ekasizlar, degan. Buni ham qilyapmiz”, — dedi hokim o‘rinbosari.

Ochilish tadbirida ta’kidlanishicha, aksiya davomida Toshkent shahrining barcha hududlarida betonlangan yoki asfaltlangan daraxtlarning tag qismi ochilib, mutaxassislar jalb etilgan holda agrotexnik ishlar olib boriladi.

Tabiat resurslari vazirligi tomonidan aholidan tushadigan arizalar to‘planib, daraxtlarning tabiiy o‘sish jarayoniga xalaqit beruvchi muammolar obodonlashtirish boshqarmalari va mahalla faollari bilan birgalikda bartaraf etiladi.

Daraxtlarni muhofaza qilishni yanada kuchaytirish maqsadida vazirlik tomonidan Telegram bot ishga tushirildi. U orqali aholi daraxtlarga zarar yetgani haqida elektron shaklda ariza yuborishi mumkin. Botdan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar vazirlikning YouTube kanalida berib o‘tilgan.