2023-yilgi Ramazon hayiti 21-aprel, juma kuniga to‘g‘ri kelishi haqida qaror qabul qilindi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar berdi.

Idorada Ramazon oyi va hayitini aniqlash uchun tuzilgan ishchi guruh xorijdagi nufuzli astronomiya markazlari va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi Astronomiya institutidan olgan ma’lumotlarga ko‘ra, 1444 hijriy yil Shavvol oyining yangi oy fazasi (hiloli) 20-aprel, payshanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 09:12 da sodir bo‘lgan (tug‘ilgan).

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi islom dini ta’limotlari va mazkur astronomik ma’lumotlarga asoslangan holda Ramazon hayiti 21-aprel juma kuniga to‘g‘ri kelishi haqida qaror qabul qildi.

Avvalroq idora Ramazon oyi va hayitini aniqlash uchun ishchi guruh shug‘ullanayotgani, hayitning 21-aprel, jumaga to‘g‘ri kelishi haqida dastlabki xulosalar mavjud ekani haqida xabar bergandi.

24-aprel, dushanba dam olish kuni bo‘lishi yoki bo‘lmasligi haqidagi ma’lumot (bu prezidentning 2022-yil dekabrdagi farmonida ko‘zda tutilgan) yaqin orada e’lon qilinishi kerak.