1-maydan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdori oshadi

O‘zbekistonda 1-maydan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdori oshadi: hujjatsiz yurish — 330 ming so‘m; “qizil”da o‘tish — 660 ming so‘m; telefonda gaplashish — 990 ming so‘m; mast holda rulga o‘tirish va ruxsatsiz “tonirovka” — 8 mln 250 ming so‘m.

O‘zbekistonda referendumda muddatidan oldin ovoz berish boshlandi

19-apreldan O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasini qabul qilish bo‘yicha referendumda muddatidan oldin ovoz berish jarayoni boshlandi. Unda referendum kuni ayrim sabablarga ko‘ra yashash manzilida bo‘lmaydigan fuqarolar qatnashishi mumkin. Ovoz berish tartibi haqida batafsil.

O‘zbekistonda ma’muriy jarimalar 15 kun ichida to‘lansa, 50 foiz chegirma qo‘llaniladi

Prezident imzolagan qonun bilan ma’muriy jarimalarning 50 foizini 15 kun ichida, 70 foizini 30 kun ichida to‘laganlar uning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi. Biroq shunday huquqbuzarlik 1 yil davomida takror sodir etilganda yoki protest bildirilganda chegirma qo‘llanilmaydi.

Mart oyida Toshkentda ijaraga beriladigan uy-joylar narxi pasaydi — ITIM

Mart oyida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida faollik 7,3 foizga pasayib, oldi-sotdi bitimlari soni qariyb 21 mingtani tashkil etdi. Shuningdek, poytaxtning aksariyat tumanlarida ijaraga beriladigan uy-joylar narxi arzonlashdi — ITIM sharhidan.

O‘zbekiston Afg‘onistonga 185 tonna insonparvarlik yordami yubordi

O‘zbekiston Afg‘onistonga zarur oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat 185 tonnali insonparvarlik yordamini yubordi. Yuklar Balx viloyati shimolidagi Hayraton shahriga yetkazildi. Ikki davlat rasmiylari savdo-iqtisodiy va gumanitar sohadagi hamkorlik borasida muzokaralar o‘tkazdi.

Hayit bayrami kuni Toshkent metrosi 04:00 dan ish boshlaydi

Ramazon hayiti kuni Toshkent metropoliteni o‘z faoliyatini tonggi 04:00 dan boshlaydi. Bayram munosabati belgilangan boshqa dam olish kunlari metro poyezdlari yakshanba kuni uchun tasdiqlangan jadval asosida soat 05:00 dan harakatlanadi.

Qashqadaryoda 14 yoshli qiz ota-onasi tomonidan kaltaklandi

Koson tumanida ota va ona voyaga yetmagan qizini kaltakladi. Holat yuzasidan tekshiruv ishlari boshlangan. Ota ruhiy kasalliklar dispanseriga tekshirish uchun yuborilgan. Qizni vasiylikka berish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

O‘zbekistondagi Yandex Go ilovasida imkoniyati cheklanganlar uchun qulayliklar paydo bo‘ldi

O‘zbekistondagi Yandex Go ilovasida nogironligi bo‘lgan foydalanuvchilar uchun imkoniyatlar paydo bo‘ldi: yo‘lovchi endi haydovchining mashinasini topishda yordam so‘rashi, nogironlar aravachasida ekanini bildirishi, gapirmasligi yoki faqat matn orqali muloqot qilishi mumkinligi haqida ogohlantirishi mumkin.

Hokim yordamchilarining 200 nafari Xitoyda amaliyot o‘taydi

O‘zbekistondagi 9 ming 400 nafar hokim yordamchilari “Xitoy tajribasi asosida kambag‘allikni qisqartirish” mavzusida ikki hafta mobaynida xitoylik mutaxassislardan onlayn ta’lim oladi. Loyihaning 2-bosqichida 200 nafar hokim yordamchilari Xitoyda ikki haftalik amaliyot o‘taydi.

“O‘zkomnazorat” telefonlarni bepul stansiyalarda quvvatlash xavfidan ogohlantirdi

“O‘zkomnazorat” telefonlarni bepul stansiyalarda quvvatlantirish xavfidan ogohlantirdi. Bunday qurilmalar orqali shaxsiy ma’lumotlardan onlayn hisoblarga kirishda foydalanish yoki uni boshqa hujumchilarga sotish mumkin. Inspeksiya buning oldini olishda qator tavsiyalar berdi.

O‘zbekistonda shakar zaxirasi mavjud va hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q — Raqobat qo‘mitasi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mamlakatda zarur darajada shakar mavjudligi va hech qanday xavotirga o‘rin yo‘qligini bildirdi. Unga ko‘ra, shakar xomashyosi Braziliyadan jahon narxiga nisbatan arzonroq xarid qilinmoqda, ehtimoliy xavf-xatarlar hukumat nazoratida.

Andijonda xotinini yoqib yuborgan erkak 17 yilga qamaldi

Baliqchi tumanida ikkinchi turmush o‘rtog‘ini bo‘yoq suyultirgich bilan yoqib yuborgan 43 yoshli erkak 17 yilga qamaldi. U sud jarayonida ushbu jinoyatni qilishiga ayoli bilan munosabatlari sovuqlashganini sabab qilib ko‘rsatgan. Marhuma voqeadan 13 kun o‘tib shifoxonada vafot etgan.

Donli ekinlar va sabzavot yetishtirishda suv tejovchi tizim joriy qilganlar uchun subsidiya miqdori oshirildi

Prezident suv xo‘jaligi tizimidagi ayrim takliflarni ma’qulladi. Endi Jizzax, Qashqadaryo, Namangan va Sirdaryoda yopiq quvurli sug‘orish tizimi yaratiladi. Nasos stansiyalari xususiy sheriklikka ham beriladi. Donli ekin va sabzavotni suv tejovchi tizimda yetishtirganlar gektariga 8 mln so‘mgacha subsidiya oladi.

Kichik loyihalar O‘zbekiston tabiati va taraqqiyotiga qanday yordam beradi?

Chorva mollarining haddan ziyod ko‘p boqilishi, sug‘orish quduqlarining burg‘ulanishi, o‘g‘itlar, daraxt tanalarini betonlash — barchasi tabiiy ekotizimlarga katta xavf tug‘diradi. GEF Kichik grantlar dasturi 15 yildan beri kichik loyihalar atrof-muhitni qanday yaxshilashi mumkinligini ko‘rsatib kelmoqda.

Aerovokzal yaqinida to‘xtashga faqat yo‘nalishsiz va yo‘nalishli taksilarga ruxsat beriladi

Hukumat qarori bilan aerovokzal yaqinida to‘xtash faqat yo‘nalishsiz va yo‘nalishli taksilarga ruxsat etiladi. Boshqa transportlar esa turargoh va to‘xtash joylariga yo‘naltiriladi. Estakadadan foydalanishda yengil avtomobillar 5 daqiqagacha, avtobus va mikroavtobuslar 10 daqiqagacha to‘xtab turishi mumkin bo‘ladi.

Farmatsevtlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi markaz tashkil etiladi

“Asakabank” farmatsevtika sohasida yangi loyihalarning 25 foizgacha qismiga o‘z ulushi bilan kirib, investor sifatida ishtirok etadi. Bank huzurida farmatsevtika loyihalari markazi ochilib, tadbirkorlarga yordam ko‘rsatiladi.

“Gazeta.uz”da e’lon qilingan reportaj:

“Erim va o‘g‘illarimni urush-janjaldan zo‘rg‘a ushlab turdim” — erkak hamkasbi tomonidan kaltaklangan o‘qituvchi ayol

Surxondaryodagi maktabda ayol hamkasblarini kaltaklagan erkak hodisadan keyin ham ozodlikda edi. Voqea videosi tarqalgach, jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, erkak ushlangan, maktab direktori ishdan olingan, jabrlanuvchining holidan esa hokim xabar olgan. “Gazeta.uz” hodisa ishtirokchilari bilan suhbatlashdi (video).