Ramazon hayiti munosabati bilan barcha xodimlar ketma-ket 3 kun dam olishi mumkin, deya xabar bermoqda prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati.

Prezident 2022-yil dekabr oyida 2023-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi. Hujjatda haftasiga 6 kun ishlaydiganlar uchun 24-aprel (dushanba) qo‘shimcha ishlanmaydigan kun bo‘lishi belgilangan.

Shuning bilan o‘zbekistonliklar ketma-ket 3 kun dam olishi mumkin:

  • 22-aprel — shanba (hali rasman tasdiqlanmagan);
  • 23-aprel — yakshanba;
  • 24-aprel — dushanba (ko‘chirilgan dam olish).

5 kun ishlovchilar uchun dushanba kuni dam, 29-aprel — shanba esa ish kuni bo‘ladi.

Agar 22-aprel — shanba O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari xulosasi asosida Ramazon hayitining 1-kuni sifatida belgilansa, 21-aprel — juma kuni kundalik ish (smena) muddati barcha xodimlar uchun kamida 1 soatga qisqartiriladi.