O‘tgan hafta “Madaniyat va ma’rifat” telekanali “Karvon” nomi bilan qayta tashkil etilishi kutilayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqdagi prezident qarori loyihasi O‘zMTRK hamda Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan e’lon qilindi. Hujjat loyihasida telekanal vazirlik tizimiga o‘tkazilishi belgilangan. Bu esa jamoatchilik noroziligiga, ayniqsa, ziyoli qatlamning keskin tanqidlariga sabab bo‘ldi.

Shundan so‘ng vazir Ozodbek Nazarbekov “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining tugatilishi yuzasidan videomurojaat qilib, faollarni hamkorlikka chaqirdi. Jamoatchilikdan takliflar eshitishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. Vazir murojaatidan keyin ham tanqidlar to‘xtagani yo‘q. Ziyolilar tarmoqlarda o‘z e’tirozlarini bildirishda davom etdi. 13-aprel kuni Ozodbek Nazarbekov telekanal nomida o‘zgarish bo‘lmasligi, mavjud ko‘rsatuvlar saqlab qolinishini ma’lum qildi.

“Gazeta.uz” o‘zbek ziyolilari va “Madaniyat va ma’rifat” telekanali xodimining kanal rivojiga oid takliflarini eshitdi.

“Vazir ertaga o‘zini hukmini o‘tkazmasligi kerak”

Gulmira Musajonova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Madaniyat va ma’rifat” telekanali katta muharriri:

— Hozir yo‘lda kelayotib, vazir bayonotini o‘qib juda xursand bo‘ldim. Lekin baribir ham xursand bo‘lishga hali erta. Chunki kanal nomi saqlanib qolingani bilan ertaga uning mohiyati, ya’ni “Madaniyat va ma’rift” telekanalining konsepsiyasida aytilgan hamma narsa boricha, to‘liqligicha saqlanib qolinishi zarur. Biz o‘zimizning vazifalarimizni: adabiyot, san’at, ilm-fan kabi asl, toza va to‘g‘ri narsalarni targ‘ib qilishda davom etishimiz lozim.

madaniyat va ma’rifat telekanali, madaniyat va turizm vazirligi, o‘zbek ziyolilari

Gulmira Musajonova. Foto: Ma’murjon Obraxmatov / “Gazeta.uz”

Hozir [vazir] ho‘p-ho‘p, deb asta-sekin o‘ziga og‘dirib olib, ertaga o‘zini hukmini o‘tkazmasligi, “Kelinglar, [telekanal loyihalarini] sal yengillashtirib, soddalashtiraylik, bizga reyting kerak”, degan gaplar aytilmasligi lozim. Bir yildan keyin telekanal darajasi balandga ko‘tarilishi, bu vaqt ichida o‘zini pozitsiyalaridan chekinmasligi kerak. Ammo menda shunday xavf bor: vazirlik tizimiga o‘tamiz, ish boshlaymiz va teleknal konsepsiyasiga o‘z hukmini o‘tkazishni boshlaydi. Hayotda bunday o‘yinlar ko‘p bo‘ladi. Boshida rozilik beriladi, keyin kelgan rahbar o‘z hukmini o‘tkazishga harakat qiladi.

“Jamoatchilik bilan hisoblashish kerak”

Erkin A’zam, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, “Tafakkur” jurnali bosh muharriri:

— Bugun jamiyat, mamlakat yangilanish, yaxshilanish yo‘liga kirib boryapti. Bu borada katta-katta insoniy islohotlar bo‘lishi tabiiy. Bu islohotlarda manfaatdor bo‘lgan tomon bor. Buni nomini xalq deydi, jamotchilik deydi, jamiyat deydi. Soliq to‘lovchi deb qo‘polroq qilib aytmadim. [soliq] to‘laganidan keyin javob so‘rashga haqi bor. Shuning uchun biror o‘zgarish qilganda albatta, jamoatchilik bilan hisoblashish, ularning fikrini bilish kerak.

Gulmira Musajonova:

— Inson oddiy bo‘lim yoki telekanal rahbari bo‘lsin, unga ko‘p narsa bog‘liq bo‘ladi. Uning jur’ati, jasorati, bilimi, qilayotgan ishi va o‘zini xodimlari uchun, ko‘zlagan maqsadi uchun oxirigacha turib berishi kerak. Xohlaysizmi yoki yo‘q, butun kanal va xodimlar shu rahbarga bo‘ysunadi, uning ortidan ergashadi. Rahbarlarimiz haqiqiy shaxs: e’tiqodli, iymonli, vijdonli, insofli, oliyjanob bo‘lsin. Kitob o‘qigan, adabiyotdan xabardor bo‘lsin. Nima ish qilayotganini, nima uchun shu yerda o‘tirganini bilsin, zarariga emas, foydasiga ishlasin.

Ziyoli, bilimli odam hozir “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining nufuzini to‘kib, oddiy “Karvon” degan kanalga tushirib qo‘ymaydi. Aksincha, kanal darajasini yanada ko‘taradi, bu borada kuchli odamlarni jalb qiladi va o‘sha kanalni ichki salohiyatidan unumli foydalanadi. Buning uchun ijod va so‘z erkinlini berishi, bu yo‘lda qo‘llashi kerak. Agar “Madaniyat va ma’rifat” telekanali bir yildan keyin yaxshiroq bo‘lsa, shunda bu bizning chin ma’noda g‘alabamiz bo‘ladi. Lekin bir yildan so‘ng biz o‘z qiyofamizni yo‘qotib qo‘ysak hamda hozir telekanalda asl ilm-fan, madaniyat va san’atga xizmat qilayotgan ijodkorlarni bu kanalda ko‘rmasangiz, ana shu fojia bo‘ladi.

“Tomoshabini ko‘p emas, ammo insonga ma’naviy ozuqa beradi”

Dilorom Karimova, O‘zbekiston xalq artisti:

— Hozir reyting degan bir dushman narsa chiqqan. Masalan, “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida Abuladzeni bir filmi muhokama qilingan ko‘rsatuv efirda ketayotgan vaqtda, boshqa telekanalda qo‘yilayotgan ikki odamning jaljali aks etgan ko‘rsatuv yoki shoularni reytingi baland bo‘ladi. Mana — fojia. To‘g‘ri, reytingi past film yoki ko‘rsatuvni tomoshabini albatta, ko‘p bo‘lmaydi. Lekin uni madaniyatimiz, ma’rifatimizni belgilaydigan insonlar doim kuzatib boradi. Shundan ular ma’naviy ozuqa oladi, bunday loyihalar xalqimizning ongini yuklashtirishga xizmat qiladi.

madaniyat va ma’rifat telekanali, madaniyat va turizm vazirligi, o‘zbek ziyolilari

Dilorom Karimova. Foto: Ma’murjon Obraxmatov / “Gazeta.uz”

“Madaniyat va ma’rifat” telekanalidagi rejissyorlar, operatorlar va o‘sha yerda ishlayotgan boshqa xodimlarga yaxshiroq gonorar to‘lash, loyihalarda qatnashadigan ekspertlarga gonorar berishni yo‘lga qo‘yish, texnik bazani kuchaytirish, ajoyib filmlar litsenziyasi uchun mablag‘ ajratish kerak. Mana shu kabi masalalarga yechim topish ustida bosh qotirish zarur.

Erkin A’zam:

— Bu kanalni egasi bor: bu — jamoatchilik, kitob o‘qiydigan odamlar, ziyoli qatlam. Kanal tashkil topganiga 10 yil bo‘ldi. Bu faqat yaxshilikni ko‘zlab faoliyat yurityapti, ya’ni kitobxonlikni, ma’rifatni, san’atni, yaxshilikni targ‘ib qilyapti. Buni nimasi yomon? Shunday shakllangan kanalni, ijodiy jamoani boshqa bir vazirlikka berilishi odamda ko‘p savollar tug‘diradi. Nimaga?

madaniyat va ma’rifat telekanali, madaniyat va turizm vazirligi, o‘zbek ziyolilari

Erkin A’zam. Foto: Ma’murjon Obraxmatov / “Gazeta.uz”

Loyiha e’lon qilingach, ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘p chiqishlar bo‘ldi. Ziyolilar, olimlar, faollar o‘z fikrlarini bildirdi. Lekin biror odamni bu qaror loyihasini qo‘llab-quvvatlaganini ko‘rmadim. Allaqanday bir amaldorni ko‘ngidan o‘tgan g‘oya, fikrlar yoki kimningdir manfaati uchun ish qilmasligimiz kerak. Har holda ko‘pchilikning fikrini inobatga olib, ish qilingani ma’qul.

“Gullayotgan daraxtga bolta urmaslik kerak”

Ashurali Jo‘rayev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist:

— Shu o‘rinda bir o‘xshatishni aytmoqchi edim. Ko‘pincha bog‘larga kirsak, gullar ochilib, bog‘ fayzli bo‘lib turadi va hammamiz bog‘bonga rahmat aytib ketamiz. Chunki bog‘bon gullarni olib kelib, parvarish va mehnat qiladi . Lekin afsuski, yana shunday bog‘bonlar ham borki, bog‘dagi chiroyli gulni uzib olgisi keladi.

madaniyat va ma’rifat telekanali, madaniyat va turizm vazirligi, o‘zbek ziyolilari

Ashurali Jo‘rayev. Foto: Ma’murjon Obraxmatov / “Gazeta.uz”

“Madaniyat va ma’rifat” telekanali barcha kanallar orasida ko‘zga tashlanib qoldi, chiroyli gulga, mevali daraxtga aylanib ulgurdi. Gullayotgan daraxtga bolta urmaslik kerak nazarimda. Bu kanalga tegmaylik, niyat qilaylikki, uning yo‘li porloq va uzun bo‘lsin, sermazmun ko‘rsatuvlari ko‘paysin. Dunyoga madaniyatimiz, ma’rifatimiz bilan chiqib borsak, shundagina bizni millliy tafakkurimiz va milliy ongimiz, millat sifatidagi bo‘y-bastimiz yana ham baland bo‘ladi, deb o‘ylayman.

“Kuch-quvvat berilsa, auditoriyasi yana ham ko‘payadi”

Muslimbek Yo‘ldoshev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi:

— Bu kanalga tegmagan ma’qul. Hozirgi holatida ham O‘zbekistonda ushbu kanalni o‘xshashi yo‘q. Lekin unga kuch-quvvat berilsa, texnikasi yaxshilansa, moddiy ta’minotiga ahamiyat qaratilsa, uning auditoriyasi yana ham ko‘payadi. Faqat “Madaniyat va ma’rifat” jamoasi reytingni ortidan quvmaydi, xolos. Bu kanalni viloyatlarda yoshi ulug‘lar, olimlar, ziyolilar doim ko‘radi.

madaniyat va ma’rifat telekanali, madaniyat va turizm vazirligi, o‘zbek ziyolilari

Muslimbek Yo‘ldoshev. Foto: Azizbek Xamrakulov / “Gazeta.uz”

Garchi mazkur telekanalda ishlamasam ham, turkum ko‘rsatuvlarim bo‘lmasa ham “Madaniyat va ma’rifat”ni o‘z joyida qolgani ma’qul, degan fikrdaman.

Gulmira Musajonova:

— Telekanal bilan bo‘lgan voqealarda men bir asr avvalgi tariximizni esladim. O‘sha paytda ham jadid bobolarimizni bo‘g‘ishga, yo‘q qilishga harakat qilishdi. Chunki olomonni boshqarish hamisha osonroq bo‘ladi. Nahotki, hozir ham fikrga, madaniyatga qarshi kurash boshlangan bo‘lsa?

Hozir telekanalda muammolar bor. Oyliklar, kameralar, mikrofonlar, litsenziya kabi talay masalalar mavjud. Umuman, biz boshidan vazir bilan yaqinroq muloqotni, hamkorlik va yordamni kutgandik. Yaxshiyamki, vazir telekanal nomi va konsepsiyasi saqlanib qolishini o‘z vaqtida ma’lum qildi. Endi bundan buyog‘iga adabiyot va fikrga yana-da kengroq yo‘l ochib berish kerak. Madaniyat, ma’rifat yo‘li ham kerak, u ham yashashga haqli. Bir hovuch ziyolilarni o‘zini kanali va maydoni bo‘lishi kerak. Ularni bu minbardan mosuvo qilishga hech kimning haqi yo‘q.

Faollar fikrlarini to‘liq shaklini “Gazeta.uz”ning YouTube’dagi sahifasida ko‘rishingiz mumkin.

Mirolim Isajonov suhbatlashdi.

Tasvirchi va montajchi Ma’murjon Obrahmatov.