14-aprel kuni erta tongda Xorazm viloyatida kuzatilgan kuchli shamol, chang massalari boshqa viloyatlarda, xususan, Buxoro va Navoiy viloyatlarida ham yuz berdi. Tarmoqlarda kunduz kuni kuzatilayotgan noqulay ob-havo aks etgan videolar tarqalmoqda.

Buxoro viloyatlari hududlarida kuzatilgan chang-to‘zonli ob-havo Navoiy viloyatining Qiziltepa tumaniga kirib kelmoqda. Kuchli chang-to‘zonli ob-havo natijasida ushbu hududda ko‘runuvchanlik 100−150 metrdan keyin cheklandi. Ushbu chang-g‘uborli ob-havo tez orada viloyatning markaziy hududlariga ham kirib kelsa kerak, deya xabar berdi Navoiygidromet.uz Telegram-kanali.

Eslatib o‘tamiz, O‘zgidromet matbuot xizmati O‘zbekistonda dam olish kunlari salqin bo‘lishini ma’lum qildi.

Kaspiy dengizidan Turkmaniston orqali salqin va nam havo massalarining kirib kelishi munosabati bilan dam olish kunlari kunduzi havo harorati +25 darajagacha, kechasi esa +15 darajagacha pasayadi. Shamolning tezligi 25−28 m/s gacha kuchayishi mumkin.