Jahon bankining ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonga 143 million dollarlik imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi, deya xabar qildi bank matbuot xizmati.

Ushbu mablag‘lar mamlakat hukumati tomonidan jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirish loyihasini moliyalashtirish va qurilish sektorida “yashil” energiyaga investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha institutsional va normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish uchun sarflanishi qayd etilgan.

Imtiyozli moliyalashtirish O‘zbekiston hukumatiga Jahon banki guruhi tarkibiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) tomonidan past foiz stavkasi bo‘yicha 30 yil muddatga, shu jumladan besh yillik imtiyozli davr bilan taqdim etiladi.

Jahon bankining 2021-yilgi tadqiqoti aniqlashicha, maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar va sog‘liqni saqlash muassasalarida energiya samaradorligini oshirish orqali yiliga 7000 gigavatt-soatdan (GVt/soat) ortiq energiya tejalishi mumkin, shundan taxminan 6810 GVt/soati issiqlik va 240 GVt/soatdan ko‘prog‘i elektr energiyasi ko‘rinishida.

“Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan ushbu yangi loyiha butun mamlakat bo‘ylab jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirishga yordam beradi. Loyiha binolar sektorining o‘zgaruvchan iqlim sharoitlariga tayyorgarligini oshirish, energiya sarfini kamaytirish va atmosferaga issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirishga yordam beradi”, — dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.

“Bu yaqinda qabul qilingan Jahon bankining mamlakat bilan 2022−2026-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi doirasida amalga oshiriladigan loyihalardan biridir. Uning ustuvor yo‘nalishlari orasida milliy iqtisodiyotning ekologik barqaror o‘sishga o‘tishida O‘zbekistonga ko‘maklashish ham bor”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Loyiha O‘zbekiston Energetika vazirligi va uning budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi (TEJ) tomonidan amalga oshiriladi. Jamg‘arma 2020-yilda iqtisodiy, ijtimoiy va turar-joy sohalarida investitsiyalarni jalb qilish va energiya samaradorligini oshirish loyihalarini moliyalashtirish maqsadida tashkil etilgan.

Bundan tashqari, Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonga 142 million dollarlik imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Ushbu mablag‘lar mamlakatning turli hududlarida landshaftlar barqarorligini oshirish va o‘rmonlarni qayta tiklashga, shuningdek, O‘zbekistonning transchegaraviy tabiiy zonalarni tiklash bo‘yicha Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar bilan hamkorligini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi loyihani moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Loyiha Jahon bankining Markaziy Osiyoda landshaftlar barqarorligini ta’minlash dasturining (RESILAND CA+) bir qismidir. Uning maqsadi cho‘llanish va yer degradatsiyasining oldini olish, shuningdek, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga tayyorligini ko‘tarish orqali landshaftlarning barqarorligini oshirishdan iborat.

Loyihani amalga oshirish uchun Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) O‘zbekiston hukumatiga past foiz stavkasida, qaytarish muddati 30 yil, shundan besh yili imtiyozli davr bo‘lgan moliyalashtirishni taqdim etadi.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi loyihani, jumladan quyidagi tadbirlarni amalga oshirish uchun javobgar etib belgilandi:

  • O‘zbekistonda o‘rmon plantatsiyalari bo‘yicha birinchi yagona ma’lumotlar bazasini, shuningdek, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining zamonaviy va samarali tashkilotga aylantirish imkonini beradigan axborot-kommunikatsiya platformasini yaratishga ko‘maklashish;
  • mamlakatning turli mintaqalarida degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash maqsadida hamda daraxtlardan keng foydalangan holda (agro-o‘rmonchilik, o‘rmon daraxtlari plantatsiyalarini, mevali bog‘lar va o‘rmon-dasht tizimlarini rivojlantirish kabi) tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, ushbu faoliyat doirasida mahalliy aholining qisqa muddatli bandligini ta’minlash;
  • tabiiy resurslardan samaraliroq foydalanadigan kichik va o‘rta korxonalarni rivojlantirish uchun fermerlarga moliyaviy va o‘quv xizmatlarini ko‘rsatish;
  • muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va o‘rmon qo‘riqxonalarini yanada samarali boshqarishga, shuningdek, ular negizida barqaror ekoturizmni rivojlantirishga ko‘maklashish. Loyiha doirasida ushbu maqsadlar uchun ularning hududlarida zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha ishlar moliyalashtiriladi. Xususan, asosiy infratuzilma, tashrif buyuruvchilar uchun markazlar, turistik va ma’muriy obyektlar, kempinglar, piknik va boshqa dam olish faoliyati uchun maydonchalar, sayyohlar uchun yo‘lak tizimlari va boshqalarni qurish.