12-aprel kuni “Milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish tartibini soddalashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori [152-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Qarorga ko‘ra, 2023-yil 15-apreldan milliy haydovchilik guvohnomasini, shu jumladan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ham ariza beruvchilarning bevosita ishtirokisiz rasmiylashtirish tartibi joriy etiladi.

Bunda:

  • milliy haydovchilik guvohnomasiga ariza beruvchilarning bosh barmoq izi ma’lumotlari joylashtiriladi, agar axborot tizimlarida ariza beruvchilarning bosh barmoq izi ma’lumotlari mavjud bo‘lmagan taqdirda ariza beruvchilar o‘zlarining imzo namunasini elektron shaklda taqdim etadi;
  • milliy haydovchilik guvohnomalarini olish hamda eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish bo‘yicha arizalar ariza beruvchilarning YAIDXPdagi shaxsiy kabineti orqali onlayn tarzda har kuni, dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, 24 soat davomida yuborilishi mumkin;
  • yangi rasmiylashtirilgan milliy haydovchilik guvohnomalarini pochta orqali olish imkoniyati yaratiladi.

2023-yil yakunigacha barcha mavjud haydovchilik guvohnomalari jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamiga bog‘langan holda raqamlashtiriladi.