Juma kuni O‘zbekistonning katta qismida quruq va juda iliq ob-havo saqlanib turadi. Faqat respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlariga Turkmaniston orqali Kaspiy dengizidan salqin va nam havo massalari kirib keladi. Bu haqda O‘zgidromet xabar qildi.

14-aprel kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va kechga tomon Buxoro, Navoiy viloyatlarida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati kunning o‘rtasiga kelib +33…+35 darajagacha, ayrim joylarda +37 darajagacha ko‘tariladi, shimoliy hududlarda +20…+25 darajadan oshmaydi.

Shanba kuni salqin va nam havo massalarining kirib kelishi sharq tomonga qarab harakatlanadi. O‘zbekiston bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi, ayrim joylarda do‘l yog‘ishi mumkin. Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarida faqat kechasi va ertalab momaqaldiroqli yomg‘irlar saqlanib turadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo viloyatlarida yog‘ingarchilik kuzatilmaydi. Kunduzgi havo harorati +20…+25 darajagacha pasayadi.

Yakshanba kuni respublikada yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarining ba’zi joylarida yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati kechasi +10…+15 darajani, kunduzi +20…+25 darajani tashkil etadi, shimolda kechasi 0…+5 daraja iliqgacha, kunduzi +7…+12 daraja iliqgacha pasayadi.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ba’zida esa 25−28 m/s gacha kuchayishi mumkin. Tog‘ oldi va tog‘li hududlarida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, dam olish kunlari ba’zi joylarda qorga aylanadi. Dam olish kunlari sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Toshkentda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol 5−10 m/s tezlikda esadi, 12−15 m/s gacha kuchayishi mumkin. Havo harorati +32…+34 darajagacha ko‘tariladi.

Shanba kuni vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi, do‘l yog‘ishi mumkin. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 5−10 m/s tezlikda esadi, 12−17 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Yakshanba kuni kechga tomon biroz yomg‘ir yog‘adi. Shamol shimoli-sharqiy yo‘nalishda 5−10 m/s tezlikda esadi. Dam olish kunlari harorat kechalari +11…+13 darajani tashkil etadi, kunduz kunlari +21…+23 daraja atrofida bo‘ladi.