Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Sport va hordiq kanali

Toshkent baydarkachilari — mashg‘ulotlar va suzish joylari yetishmovchiligi haqida
Sport va hordiq kanali. Toshkent baydarkachilari — mashg‘ulotlar va suzish joylari yetishmovchiligi haqida
Toshkent markazida, Anhor kanalining bo‘yida Rowing&Canoe federatsiyasining eshkak eshish bazasi joylashgan. 1976-yildan buyon butun shahardan bolalar va qizlar eshkakli qayiq boshqarishni o‘rganish uchun shu yerga keladi. Ushbu majmuada chempionlarning bir necha avlodi yetishib chiqqan. Hozirda bu yerda O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari va shahar sport maktablarining o‘quvchilari shug‘ullanadi.
“Maktabga qabul bahor va kuzda, ob-havo suvda sinov o‘tkazish imkonini beradigan vaqtda ochiladi, — deydi baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha murabbiy Dilyala Ibragimova. — Biz bolalarni 11-12 yoshdan qabul qilamiz. Agar bola baquvvat va antropometrik ko‘rsatkichlari bo‘yicha to‘g‘ri kelsa, 10 yoshdan ham olishimiz mumkin. Barcha uchun majburiy talab — suzishni bilishi kerak”.

Suv sporti turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabida ishlaydigan bu ayol 32 yildan beri sportchilarni milliy va xalqaro musobaqalarga tayyorlaydi.

Dilyara Ibragimova eshkak eshishga kelishidan avval sakkiz yil Turkiston harbiy okrugi (TurkVO)ning basseynida suzish bilan shug‘ullangan. 16 yoshida basseynning u tomonidan bu tomoniga suzishda cho‘qqiga chiqib bo‘lganini tushunib yetgach, G‘alaba bog‘i (1998-yili uning o‘rnida hozirgi “Toshkentlend” attraksionlar parki ochilgan) hududidagi eshkak eshish bazasiga qatnay boshlagan. Bu orada Toshkent davlat jismoniy tarbiya institutini ham bitirib chiqqan.
“Maktabimizdagi o‘quv dasturi universal bilimlar beradi va eshkak eshishning turli texnikalarini o‘zlashtirishga qaratilgan mashqlar majmuasini o‘z ichiga oladi. Dastlabki davrda umumiy jismoniy o‘sishga katta e’tibor qaratiladi. O‘quvchilar boshlang‘ich bilimlarni olib, suvda eshkak eshish texnikasi ustida ishlaydi. Qo‘li keli boshlagach, ularni ma’lum bir masofalarga ixtisoslashtirishni boshlaymiz”, — deya hikoya qiladi Dilyara Ibragimova.
Bugun maktabda uchta sport bo‘limi — baydarkada eshkak eshish, kanoeda eshkak eshish va akademik eshkak eshish. Ushbu sport turlari bir-biridan masofasining uzunligi, anjomlari va eshkak eshish texnikasi bilan farq qiladi.

Akademik eshkak eshishda sportchi teskari o‘tirgan holda oldinga harakat qiladi, bunda trassaning standart uzunligi taxminan 2000 metr bo‘ladi. Baydarka va kanoeda eshkak eshish masofalari odatda 200, 500 va 1000 metr bo‘ladi. Baydarkachi yopiq qayiqda o‘tirib, ikki parrakli eshkakni navbatma-navbat — bir bu tomonga, bir u tomonga tashlab — eshib suzadi. Kanoechi esa ochiq qayiqda bir tizzasiga tayanib, bir parrakli eshkakni faqat bir tomonga urib harakatlanadi.

Sportchilarga qayiq va eshkaklar maktab tomonidan beriladi. Barcha anjomlar eshkak eshish bazasi hududida joylashgan omborda saqlanadi.
реклама
реклама

“Bu yerda har kim o‘z qayig‘ini biladi. Biz qayiqni o‘zimiz tanlab olib, keyin shu qayiqda muntazam shug‘ullanamiz. Aksariyat eshkak eshuvchilar baydarkani ma’qul ko‘radi. Bu qayiq bizning suvlarda suzish uchun juda mos keladi. Vazni 12 kilodan oshmaydi, ancha muvozanatli va boshqaruvda ham oson.

Baydarkada mustaqil shug‘ullanish ham mumkin, lekin kanoeni murabbiysiz o‘rganish qiyin”, — deydi sportchi Bogdan Kolosov.
Bogdan eshkak eshish sporti bilan uch yildan beri shug‘ullanadi va bu yo‘nalishda “sport ustaligiga nomzod” razryadini olishga ham ulgurgan. Bungacha esa to‘qqiz yil 110-maktab yonidagi sport majmuasiga suzishga qatnagan. Bino ta’mirlash ishlari sabab yopilgach, Bogdan suzish sporti bilan xayrlashishga majbur bo‘lgan. U suvga yaqin bo‘lish imkoni borligi uchun ham eshkak eshish sportini tanlagan.

Kolosov milliy terma jamoa safida o‘rin olib, Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritishni orzu qiladi.
Sport maktabiga qatnovchilar orasida qizlar ham bor. 19 yoshli Sabina Ashrafxonova 2017-yildan beri eshkak eshish bilan shug‘ullanadi.

Unda eshkak eshishga qiziqish ushbu sport turi bilan uch oy shug‘ullangan sinfdosh dugonasining oftobda chiroyli qoraygani va ajoyib jismoniy holatini ko‘rgach uyg‘ongan. Shundan so‘ng u ham mashg‘ulotlarga qatnashga qaror qilgan.

“Birinchi marta baydarkaga o‘tirganimda juda qo‘rqinchli bo‘lgan. Ag‘darilib ketaman deb qo‘rqqanman. Qayig‘imning orqa qismiga, ag‘darilish xavfi kamayishi uchun, gupsar (poplavok) qotirib qo‘yishgan, lekin u baribir suvga ag‘darilishdan saqlab qololaydi”, — deya eslaydi qiz.

Uning aytishicha, baydarka aksariyat hollarda noto‘g‘ri boshqaruv sabab ag‘darilib ketadi. Kuchli shamol va katta to‘lqinlar sabab ag‘darilish holatlari esa kamdan-kam kuzatiladi.

Burilish vaqtida qayiq ichiga suv kirmasligi uchun baydarkachilar maxsus fartuk taqib oladi. U oyoq va o‘rindiqni tomchilar, shamol, yomg‘ir va qordan saqlaydi, shuningdek, sovuq havoda iliqlikni ushlab qoladi.

Eshkak eshuvchilarning qishki garderobi gidrokostyum yoki termo ichki kiyim bilan ko‘p qavatli issiq kiyimdan iborat. Yozda sportchilar odatda suzish libosining o‘zi bilan kifoyalanadi. Soyabon (koziryok) yoki kepka, yaxshi ko‘rishni ta’minlaydigan va ko‘zni suvdagi shu’lalardan himoyalaydigan qora ko‘zoynak — doimiy kerak bo‘ladigan anjomlardan. Eshkak eshish uchun zarur barcha anjomlarni sport buyumlari do‘konlaridan xarid qilish mumkin.
“Qayiqni qanchalik tez o‘zlashtirish xohishingiz va ishtiyoqingizga bog‘liq. Men dastlabki olti oy biz “nemka” (“olmon qiz”) deb ataydigan keng qayiqda eshkak eshganman. Uni asosan yangilarga berishadi. Tezda yaxshi natijalar ko‘rsatganim uchun men ingichka qayiq — “uzbekcha” (“o‘zbek qiz”)ga o‘tkazishgan. Mening bosh maqsadim — raqobatchi dugonalarimni quvib o‘tish edi, bu maqsad menga respublika musobaqasida qatnashish imkonini berdi”, — deydi Sabina.

Bu qiz musobaqalarda kuch va tezlik muhim rol o‘ynaydigan 200 metrlik sprinterlik masofasida o‘zini ayniqsa yaxshi ko‘rsatadi. 2018-yili Samarqandda bo‘lib o‘tgan eshkak eshish bo‘yicha Osiyo Kubogi uchun eng unutilmas voqea bo‘lgandi. Ashrafxonova sherigi bilan birga ikkita o‘rindiqlik qayiqda qatnashib, ikkinchi o‘rinni egallagan. Xalqaro musobaqadagi ishtiroki uchun “sport ustasi” unvonini olgan.
реклама
реклама

18 yoshli Sergey Slepov — yosh sprinterlardan yana biri. U ham eshkak eshishga boshqa bir suv sporti — suv polosidan kelgan. Salomatligi bilan bog‘liq sabablar tufayli poloni to‘xtatishga to‘g‘ri kelgan. Eshkak esa unga yaxshi o‘rinbosar bo‘lgan. Yigitni eshkak eshishning tomoshabopligi va qayiq shiddat bilan tezlik olganidagi parvoz hissi o‘ziga rom qilgan.

U qisqa masofaga eshkak eshishda ayniqsa kuchli. 2022-yilgi Osiyo chempionatida 500 metr masofaga suzishda ikkinchi o‘rinni egallagan.

“Eshkak eshishda menga hammasidan ham uyg‘un birlik yoqadi. Odam bu yerga nimjon va sportga xos bo‘lmagan bir ko‘rinishda kelishi mumkin, lekin bir-ikki yil shug‘ullangach, jismoniy jihatdan ham, ruhiy-ma’naviy jihatdan ham ancha kuchayadi. Eshkak eshish meni ancha-muncha intizomli va chidamli qildi”, — deya tan oladi Sergey.

“Eshkak eshish hammaga ham to‘g‘ri kelavermaydi. Agar boshlovchi sportchi professional bo‘lmoqchi va musobaqalarda g‘olib chiqishni istasa, u holda bir xil, lekin og‘ir mashg‘ulotlarga tayyor turishi kerak. “Oltin”ni ruhan kuchli sportchigina qo‘lga kiritadi. Barqarorlik, sabr-matonat va mehnat — muvaffaqiyat kaliti”, — deya tushuntiradi Sergey Slepov.
Sportchilar ikki navbat (smena)da shug‘ullanadi: tongda soat 7:30 dan va peshindan keyin 14:30 dan boshlab. Dushanba — dam olish kuni. Mashg‘ulotlar jadvalining qulayligi sportchilarga maktabdagi darslardan keyin kelib ham shug‘ullanish imkonini beradi.

Mashg‘ulotlar quruqlikdagi chigalyozdi mashqlardan boshlanadi. Shundan so‘ng eshkak eshuvchilar bir yarim soatga suvga tushib, turli texnikalar bo‘yicha shug‘ullanadi. Bu vaqt ichida ular 15 kilometrdan ortiq masofaga suzib qo‘yadi. Har bir guruh uchun mashg‘ulotlar dasturini murabbiy tayyorlaydi. Mashg‘ulotlarning so‘nggi qismi (“zaminka”) zalda bo‘lib o‘tadi: sportchilar eshkak eshish trenajyorida mushaklarini va kardiotizimini mustahkamlaydi.
Mashg‘ulotlar havo va suv holati qanday bo‘lishidan qat’i nazar yil bo‘yi to‘xtamaydi. Qishki mashg‘ulotlar ayniqsa og‘ir, lekin kuch va bardosh ham aynan shu davrda to‘planadi.

Aksariyat chempionatlar bahor va yozda o‘tadi. Qishda vaqti-vaqti bilan katta masofaga marafonlar uyushtirib turiladi. Ëzda esa eshkak eshish sportchilarga estetik zavq ham beradi. Baydarkachilarning fikricha, suzish vaqti eng chiroyli manzaralar Minor masjidi yonida va “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazma majmuasi sohillari bo‘ylab ko‘zga tashlanadi.
Toshkent dengizi (To‘yabo‘g‘iz suv ombori)da ham eshkak eshish bazasi bor, u yerda xalqaro va respublika musobaqalari oldidan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkaziladi. Samarqandda xalqaro standartlarga javob beradigan eshkak eshish bazasi mavjud. U yerda xalqaro musobaqalar, masalan, jahon va Osiyo chempionatlari o‘tkaziladi.

“Toshkent dengizida shug‘ullanish menga yoqadi. Oqar suv bo‘lmagani uchun u yerda eshkak eshishning turgan-bitgani zavq. Anhorda kuchli shamol vaqti to‘lqinlar hosil bo‘lib, qayiqning harakatiga xalal beradi. Bunda tishingni tishingga qo‘yib, eshkak eshishga majbursan”, — deya kuladi Sergey Slepov.
реклама
реклама
Baydarkachilarning so‘zlariga ko‘ra, Anhor kanali yetarli darajada toza, lekin ba’zida chiqindilar — paket va baklajkalar suzishga xalal beradi. Kuzda sportchilar suzishdan to‘xtab, qayiqning old qismini qurigan barglardan tozalashiga to‘g‘ri keladi. Daryoda suzish ishqibozlari ham muammo keltirib chiqarishi mumkin. Suzuvchi va eshkak eshuvchilarning ehtimoliy to‘qnashuvlari har ikki tomon uchun ham xavfli.
“Anhor — shahardagi eshkak eshuvchilar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan yagona suv marshruti. Avvallari Toshkentda bolalar suzishga boradigan suv havzalari ko‘p edi. O‘zim G‘alaba bog‘ida eshkak eshish bilan shug‘ullanganman. Do‘stlarim Komsomol (hozirgi Milliy bog‘) va Volgograd (hozirgi G‘afur G‘ulom nomidagi bog‘) ko‘llarida mashg‘ulot o‘tashgan. Hozir bu joylar faqat xotiralarda qolgan, xolos. O‘quvchilarimiz esa “O‘zekspomarkaz” bilan O‘rda ko‘prigi oralig‘idagi uch kilometrda tiqilib yurishga majbur”, — deydi Dilyara Ibragimova.
Murabbiyning qayd etishicha, eshkak eshish sporti juda istiqbolli va uni shahar sharoitida ham rivojlantirish mumkin, faqat buning uchun davlat tomonidan e’tibor va moliyalashtirish zarur.

“Mamlakatimizda eshkak eshish yakkakurashlar yoki futbolchalik ommabop sport turi emas. Sportchilarimiz har yili jahon chempionatlarida sovrindor bo‘lib, ko‘plab medallar olib kelishadi. Ko‘pchilik esa Toshkentda eshkak eshish bo‘yicha federatsiya va maktablar borligidan ham bexabar”, — ta’kidlaydi Dilyara Ibragimova.
Shu kunlarda sportchilar baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Musobaqa 25 aprel kuni ochiladi, poygalar esa 26–30 aprel kunlari Samarqand eshkak eshish kanalida bo‘lib o‘tadi. Musobaqada 11 mamlakatning 300 dan ortiq sportchilari qatnashishi kutilmoqda. Xohlovchilar ushbu musobaqalarda O‘zbekistonning 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar va 23 yoshgacha bo‘lgan yoshlar terma jamoalarini qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Matnni Farzona Hamidova tayyorladi.

Fotosuratlar muallifi - Madina A’zam.

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz“ nashriga tegishli. “Gazeta.uz“ internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan ushbu havolada tanishishingiz mumkin.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting