12-aprel kuni “Qishloq xo‘jaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi prezident qarori [PQ-121-son] qabul qilindi. Qaror matni O‘zAda e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligiga (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) fermer xo‘jaliklarining dala chetlarini o‘zlashtirish, ularda mahsulotlar yetishtirish va yetishtirilgan mahsulotlarning ishonchli xaridini tashkil qilish vazifasi yuklatildi.

Agentlikka:

  • dala chetlarida ishlarni to‘g‘ri va sifatli tashkil qilish, yer egalariga ekishdan boshlab mahsulotni realizatsiya qilishgacha bo‘lgan davrda amaliy yordam berish uchun 2023-yilda har bir tumanga 4 nafargacha, jami 672 nafargacha mavsumiy agronomlarni ishga qabul qilishga ruxsat berildi;
  • Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti va Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti biriktirildi.

Agentlik tizimidagi shtat birliklari doirasida qishloq xo‘jaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish tizimini joriy qilishga mas’ul bo‘lgan direktor o‘rinbosari shtati joriy qilindi.

Agentlikning Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga 2023-yilda ajratilishi ko‘zda tutilgan 400 milliard so‘m budjet ssudasi hisobidan 100 milliard so‘m yillik 10 foiz stavkada quyidagi maqsadlar uchun sarflanishi belgilandi:

  • dala chetini o‘zlashtirish va mahsulot yetishtirish uchun zarur bo‘lgan urug‘, ko‘chatlar, mineral o‘g‘itlar, kimyoviy preparatlar, moddiy-texnik resurslar bilan ta’minlash;
  • suv bilan ta’minlash uchun nasos va quvurlarni o‘rnatishga qarz shartnomasi asosida, naqd pul shaklida qishloq xo‘jaligi korxonalari va dala cheti yer egalariga 6 oygacha imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga yillik 14 foiz stavkada qarz ajratish.

Bunda, berilayotgan qarz mablag‘lari olinayotgan daromadning 50 foizidan oshib ketishi mumkin emas.

Agentlikka dala chetlariga kredit asosida nasos va quvurlarni o‘rnatib, suv bilan ta’minlash choralarini ko‘rish uchun uch tomonlama shartnoma asosida korxonalarni jalb qilishga ruxsat berildi.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi quritish sexi va sovitkichli omborxonalarni xarid qilishga Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 50 milliard so‘m mablag‘ ajratadi.

Ushbu mablag‘lar Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan:

  • qishloq xo‘jaligi korxonalariga 36 oygacha imtiyozli davr bilan 84 oy muddatga yillik 14 foiz stavkada ajratilsin. Bunda, kredit summasining 60 foizi bo‘yicha garov ta’minoti sifatida o‘rnatiladigan quritish sexi va sovitkichli omborxonalar olinishi, 40 foizi bo‘yicha garov ta’minoti sifatida ularning qaytmaslik xatarini sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi olinishi belgilandi;
  • tashabbuskorlarga quritish sexi va sovitkichli omborxonalar o‘rnatib berilgandan so‘ng mahsulot yetkazib beruvchining hisob raqamiga o‘tkazib berish sharti bilan ajratiladi.

Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida qishloq xo‘jaligi yerlari atrofida kollektor-drenaj tarmoqlari mavjud bo‘lgan fermer xo‘jaliklariga zovur suvlarida 200−250 boshdan o‘rdak boqish va asalari uyasi tashkil qilish uchun yillik 14 foiz stavkada imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Bundan tashqari, Sirdaryo viloyati hokimligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligiga 2023−2025-yillarda Sirdaryo viloyatida foydalanilmay bo‘sh turgan dala chetlari hamda kollektor-drenajlar atroflaridagi 500 gektar maydonda ixcham “ijtimoiy issiqxona”ni tashkil qilib, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan hamda mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarga tayyor holda 2,5 сотихдан ajratilishini ta’minlanishi topshirildi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi “ijtimoiy issiqxona” loyihasini amalga oshirishni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlaridan 50 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit resurslarini jalb qiladi.