Yer tuyg‘usi
Toshkentlik Anastasiya Stepanova — Marsga parvoz simulyatsiyasi va kosmik uzlat haqida

Anastasiya Stepanova 37 yoshda. Toshkentda tug‘ilgan va 19-maktabda o‘qigan. Moskva davlat universiteti jurnalistika fakultetini, shuningdek, Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universitetining muhandislik fakultetini tamomlagan. Jurnalist sifatida ishlagan, so‘ng Rossiya Fanlar akademiyasi Tibbiy-biologik muammmolar instituti (RFA TBMI)ga ilmiy xodim sifatida ishga kirgan va u yerda koinotning inson organizmiga ta’siriga doir tadqiqotlarga sinovchi sifatida qatnashgan.


2014-yili ko‘plab da’vogarlar orasidan Qizil sayyorani o‘zlashtirish bo‘yicha ekspeditsiya simulyatsiyasi — “Mars 160” loyihasi uchun saralab olingan.


Yetti kishidan iborat guruh 2016-yili Amerikaning Yuta shtatidagi sahroda joylashgan tadqiqot stansiyasida 80 kun, so‘ng 2017-yili Arktikada — Kanadaning kimsasiz Devon orolidagi Flashline tadqiqot stansiyasida 30 kun bo‘ldi. Anastasiya ushbu loyihada ham ekipaj jurnalisti, ham ekipaj salomatligi va xavfsizligi uchun mas’ul, shuningdek, mikrobiologning assistenti edi.

“Sirius-19” loyihasi — Oyga haqiqiy kosmik parvozning asosiy xususiyatlarini takrorlovchi 120 kunlik tajriba dasturining ekipaji.
Anastasiya 2019-yilning 19-martidan 17-iyuligacha Oyga olti kishilik ekipaj tarkibida uchib borish va uning atrofida aylanishni imitatsiya qilish bo‘yicha “Sirius-19” xalqaro tadqiqot loyihasi doirasida 120 kunni RFA TBMIning yopiq Yerusti tajriba majmuasida o‘tkazgan.

Hozirda u AQSHning Kolorado shtatidagi Colorado School of Mines universitetida doktorlik ishini yozmoqda.
— Suhbatni boshlashdan avval siz nonushta qilib olish uchun 20 daqiqa vaqt so‘radingiz. Tayyorlab qo‘yilgan savollardan avval bir savol bermoqchiman — nima yeb nonushta qildingiz? Bo‘lajak fazogir sifatida sizda ovqatlanish bo‘yicha qandaydir cheklovlar va diyeta bormi?
— Cheklov yo‘q, ammo ovqatlanish baribir ham sog‘lom bo‘lishi kerak. Har doim tayyor turish kerak: kim bilsin, kutilmaganda baribir koinotga uchadigan bo‘lib qolsam-chi. Nonushta el qatori: tuxumlar, sabzavotlar va pishloq.
— Koloradoda nima qilyapsiz?
— Kosmik resurslar bo‘yicha doktorlik darajasini olyapman. Bu juda qiziqarli kurs. Avvallari Colorado School of Mines'dan boshqa biror joyda o‘tilmasdi. Kursda bir necha fanlar aralashib ketgan: bunda muhandislik ham bor, sayyoralar geologiyasi ham bor, kosmik iqtisodiyot, yurisprudensiya ham bor.
реклама
реклама
Biz Oyda, Marsda, asteroidlarda va umuman koinotda bor kosmik resurslarni qanday qilib insoniyat farovonligi yo‘lida ishlatish mumkinligini tadqiq etamiz. Masalan, bir dunyo xarajat qilib, Oy yoki Marsdagi stansiyaga hamma narsani Yerdan olib ketmay, o‘sha yerdagi mahalliy (lokal) resurslardan foydalanish uchun nima qilish kerak — shuni o‘rganamiz. Bu yo‘nalish bo‘yicha aspirantura hozircha faqat shu yerda, Koloradoda bor, magistraturaga esa bu yerdan tashqari Floridadagi Kepler Space Institute'da ham o‘qisa bo‘ladi.
— Siz avval barcha kosmonavtlarning atigi 11 foizi ayollar ekanini ta’kidlagan edingiz. O‘sha vaqtdan beri vaziyat o‘zgardimi?
— Agar gap Rossiya kosmonavtikasi haqida bo‘lsa, u yerda bu soha hamon konservativ, Amerikada esa vaziyat birmuncha yaxshi. Umuman olganda, kosmonavtikada, garchi hozir bu haqda ochiq-oydin gapirilmasa-da, “kemadagi ayol balo keltiradi” degan fikr ustunlik qiladi.

Amaldagi Rossiya kosmonavtlar guruhidagi 23 kishi orasida faqat bir ayol — Anna Kikina bor, xolos. Bu holat o‘zgaradi, deb ishongim keladi.
— O‘zgarishlardan umidvor bo‘lishga biror asos yoki mujda bormi?
— G‘arbda hozir ekipajlarga ko‘proq ayollarni jalb etishga harakat qilishyapti. Uch marta kosmosga uchgan astronavt Pamela Melroy NASA rahbarining yangi o‘rinbosari etib tayinlandi.
Men “ayolman va shuning uchun meni tanlanglar” deb jar solishdan yiroqman. Professional sohalarda gender neytralitet tarafdoriman. Agar siz yuqori malakali mutaxassis bo‘lsangiz, u holda qaysi jinsga mansubligingizga qarab o‘tirmaslik kerak.
"Mars" 160 loyihasi ekipaji
Insonning jinsiga emas, balki testlarining natijasi va xulqiga e’tibor berish kerak. Kosmosda erkak va ayollarning o‘ziga yarasha ustun jihatlari va, o‘z navbatida, kamchiliklari ham bor, shu bois jinslar aralash jamoa — ideal jamoa.
– Siz Toshkentda tug‘ilgansiz va O‘zbekistonda gender tenglik masalasidagi ahvol qandayligidan xabardor bo‘lsangiz kerak, ehtimol.
— O‘ylashimcha, bu madaniyat va aksariyat ayollar ishlamay, uyda bolalarga qarab o‘tirishida aks etadigan turmush tarzi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Ishlamaslik xotin-qizlarning imkoniyatlarini sezilarli qisqartiradi. Boz ustiga, ba’zida ayollarning o‘zi bu ahvoldan mamnun, bu holat ularni qoniqtiradi.

Ammo O‘zbekiston turmush va ishni birga olib borishga intilib, o‘zgarishni, taraqqiy etishni boshlayapti va buni uddalay ham olyapti — sinfdosh dugonam bunga bir misol - va buni ko‘rib, quvonasan kishi.
– 2015-yili RFA TBMIdagi hamkasbingiz Yelena Luchitskaya bilan suhbatlashgandim. U shu kabi Oyga kosmik parvoz simulyatorida qatnashib, izolyatsiyada bo‘lgan vaqti “kema”da videolar olib, o‘g‘liga yuborgani haqida aytib bergandi. Siz ham o‘z oila a’zolaringiz uchun shu kabi ishlar qilganmisiz?
— Men ota-onamga yozuvlar yuborgandim, chunki kosmosda “Yer tuyg‘usi” va oddiy xursandchiliklar bilan bog‘liq hamma narsa sezilarli kuchayadi.
– Siz yopiq makonlardagi parvozlar simulyatsiyasi bilan bog‘liq tajribalarda umumiy hisobda qancha vaqt o‘tkazdingiz?
— Sakkiz oy. Lekin bu hayotimdagi eng ajoyib damlar bo‘ldi! Bu missiyalarda zamonaviy dunyoning tartibsizliklari yo‘q. Aniq belgilangan kun tartibi, bir xil ish, bajarish lozim bo‘lgan vazifalar.

Bu birxillik insonga faqat ijobiy ta’sir qiladi. Ya’ni, kutilmagan hech narsa sodir bo‘lmaydi va sen nima qilishing kerakligini aniq bilasan, dunyoda bo‘layotgan ishlarga, odamlarga, ijtimoiy tarmoqlar va yangiliklarga to‘la telefonga chalg‘imaysan. Inson bor e’tiborini o‘ziga, oldiga qo‘yilgan vazifa (missiya)ni bajarishga qaratadi.
O‘ziga yarasha kamchiliklari ham bor, albatta. Masalan, biz 10 kunlab boshimizni yuvmasdik. Bu jihatdan erkaklarga osonroq: ular boshiga bir mas'h tortsa kifoya. Ammo kosmosga chiqish uchun men sochimni kaltalatib, boshimni erkaklar mas'h tortib yuvib yurishga ham tayyor edim. Men uchun yaxshi ko‘rinish emas, balki missiyani yaxshi bajarish muhimroq.
Yuta shtatidagi sahroda joylashgan tadqiqot stansiyasidagi uch oy davomida o‘zimni xuddi bir necha yilga ulg‘aygandek, fan uchun naf keltirib yashayotgandek his qildim.
реклама
реклама
Umumiy manzarada mening tadqiqotchilik xizmatim, ehtimol, bir nuqtachadekdir, lekin men uchun shunisi muhim. Butun umrni yuksak bir maqsadsiz, oddiy iste’molchidek o‘tkazib yuborishni xohlamayman.
– O‘ziga xos kosmik uzlatga chekinish (retrit) ekan-da?
– Xuddi shunday. Topshiriq bajarish va tadqiqotlardan bo‘sh vaqtda siz ko‘proq o‘zingiz bilan qolasiz, tahlil qilasiz, o‘zingiz bilan gaplashasiz, zotan odatiy hayotda biz ko‘pincha ichki ovozimizni o‘chirib qo‘yamiz, uni jamiyatning diktatlaridan farqlay olmay qolamiz va shu sabab hayotimizga ta’sir qiladigan noto‘g‘ri qarorlar chiqarib qo‘yamiz. O‘zingni his qilish va aslida nima qilging kelayotganini anglash muhim.
– Hayotingizning kosmonavtika bilan bog‘liq qismida siz uchun eng qiyini nima bo‘ldi?
– Kosmonavtlar guruhiga o‘ta olmaganim. Bu 2020-yili bo‘lgandi. Men bungacha uzoq yo‘l bosgandim, ko‘p narsalardan voz kechgandim. U yerda, xususan, stereotip yondashuvga to‘qnash keldim, menga sizdirib bildirishlaricha, men erkak emas, ayol bo‘lganim uchun va bungacha uchuvchi emas, jurnalist bo‘lganim uchun o‘ta olmabman.
– Hamkasbingiz Anna Kikina Kanaveral burnidan kosmosga yo‘l olganida, siz o‘sha yerda edingiz. Shaxsan o‘zingiz o‘sha lahzada nimalarni his qildingiz?
– Birinchidan, quvonchdan va yuz bergan hodisaning ulug‘voriligidan yig‘lab yubordim, chunki avvallari hech qachon raketa parvoziga jonli guvoh bo‘lmagandim. Raketaning larzasini oyoq ostidagi yer orqali tomoshabin ham his qiladi.
Anastasiya Stepanova Xyustonda kosmik parvozdan qaytgan Anna Kikina bilan birga.
Ikkinchidan, Anya uchun xursand bo‘ldim, chunki u bu parvozni 10 yil kutgandi. Bir jihatdan, u mening ham orzumni ro‘yobga chiqardi. Albatta, o‘zim qachon shunday parvoz qila olarkinman, deb ham o‘yladim. Uchuvchi Uolli Fank 82 yoshida kosmosga uchganini hisobga olsak, umidim hali so‘nganicha yo‘q.
реклама
реклама
– Rafiqasi va qizi kosmonavt bo‘lsa, er va ota-ona nimalarni his qiladi?
– G‘urur. Kuchim ota-onam va turmush o‘rtog‘im meni qo‘llab-quvvatlashi va menga ishonishida, deb o‘ylayman.
– Vladimir Jonibekov – super-qahramonmi? U bilan tanishuvdan sizda qanday taassurot qolgan?
– Ha! U va uning rafiqasi bilan birga bir necha kun Yerevanda bo‘lgandik. Juda kamtar, xushmuomala, jiddiy, qattiqqo‘l, ayni vaqtda hazil-mutoyiba qilishni ham biladi. Chuqur hurmatga loyiq inson.
– O‘zbekistonda “O‘zbekkosmos” agentligi ochilganiga munosabatingiz qanday bo‘ldi?
— Xursand bo‘ldim, axir bu ishning boshi-ku. Ular mitti sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish, yoshlarni jalb qilish kabi dastlabki qadamlarni tashlashyapti. Kosmos — juda qimmat ko‘ngilxushlik. Uni boshlab olish juda og‘ir, ulkan budjetlar talab qiladi. Ammo orbita o‘z yo‘ldoshlaringdan foydalanish — ajoyib ibtido!
– 2022-yili “Artemida” dasturi start olgandi: Oyga manekenlar uchirildi, navbatda odamlar turibdi, lekin ular Oyga qo‘nmaydi, balki faqat uning atrofida uchib, aylanib chiqadi. Nima uchun 50 yil avval Oyga qadam qo‘ygan insoniyat bugun u yerga yetib bora olmayapti? Nima muammo?
— Bir necha omillar bor. U vaqtda kosmik poyga bo‘lgan: SSSR va AQSH birinchilikni qo‘lga olish uchun sohaga juda katta pul tikkan.

Ikkinchi omil — xavfsizlik bo‘yicha talablar ham pastroq bo‘lgan. O‘sha vaqtda Oyga uchilgan uskunalarni ko‘rganlar hozir dahshatga tushadi, qanday qilib bunga odamlarni chiqarish mumkin edi, deb. U vaqtlarda standartlar boshqacha bo‘lgan va normal qabul qilingan ham - poyga sharoitida tavakkal qilish kerak.

Poyga yo‘q, budjetlar ham boshqacha, siyosatchilar uchun kosmos ustuvor masala emas va o‘sha dasturlar ustida ishlagan mutaxassislar sohadan ketgan yoki dunyodan o‘tgan ekan, u holda, ishlanmalar mavjudligiga qaramay, kashfiyotlarni qaytadan qilishga to‘g‘ri keladi.

Hozir ekipajning xavfsizligiga juda yuqori talablar qo‘yilgan, shu bois barcha jihatlarni kelishish muddati ham uzayib ketadi. Ammo hozir kompyuter imkoniyatlari va texnologiyalari ko‘proq.
1969-yili “Apollon” missiyasining Oyga uchishini ta’minlagan barcha uskunalar quvvati bo‘yicha ayfondan ham kuchsizroq edi.

– Ko‘pchilik kosmonavtikani yilda bir marta — 12-aprel kuni eslaydi, Yuriy Gagarinni xotirlashni ham unutmaydi. U kosmonavt sifatida tasodifan tanlanmagan, degan gaplar bo‘lgan. Sodda va tushunarli — Yuriy Gagarin degan ism-sharifga ega bo‘lgan oddiy sovet yigiti. Ismning soddaligi bo‘yicha Anastasiya Stepanova ham Gagarindan qolishmaydi. Sizni qachon koinotda ko‘ramiz?
— Aytgancha, Yuriy Alekseyevich bilan tug‘ilgan kunimiz ham bir sanada. Yaqin 10 yil ichida kosmosga uchaman, deb juda ham umid qilaman. Men jarayondan: o‘rganishdan, tajribalardan, maqsad sari harakat qilishdan juda zavqlanaman, ammo ushbu faoliyatimdagi so‘nggi nuqtaga yetib borishni ham juda istardim. Orzular ro‘yobga chiqishini xohlarkan kishi.
реклама
реклама
– Kosmosda siyosat bormi? Unda hozir kim yetakchi?
— Ha, kosmosda siyosat yo‘q, degan gaplarga qaramay, siyosat u yerga ham oz-moz kirib borgan. Shunday bo‘lsa-da, kosmonavtikadagi odamlar imkoni boricha axborot almashishga, qo‘shma loyihalar qilishga tinmay harakat qilishadi. Bunga zo‘r misol qilib rossiyalik Anna Kikina Xalqar kosmik stansiyaga Amerikaning SpaceX kompaniyasi kemasida uchganini ko‘rsatish mumkin. Uning missiyasi 2022-yil oktabridan 2023-yil martiga qadar davom etdi.

Анна Кикина (чапдан биринчи) SpaceX Crew-5 миссияси экипажи таркибида
– Shunday ibora bor: “Yura, kechir, biz hammasini… [yo‘q qildik]”. Sizningcha, biz hammasini yo‘qotdikmi yo yo‘q?
— Davlat budjeti fan va kosmonavtika taraqqiyotiga yo‘naltirilishi, muhandislarga munosib maoshlar to‘lanishi, yoshlar kosmonavtikaga quruq ishtiyoq bilan emas, balki sevimli ishi bilan shug‘ullanish asnosida oilasini boqa olishini anglab kirib kelishi uchun ko‘proq pul tikish kerak. Mafkura shunga muvofiq bo‘lishi kerak.

Maqsad qo‘yib, mablag‘ ajratish kerak, shunda barchasini quvib yetishimiz mumkin, chunki biz hozir, afsuski, ortda qolib ketyapmiz, nazarimda.
Matnni Ivan Golovchenko tayyorladi.
Fotosuratlar Anastasiya Stepanovaning shaxsiy arxividan.
Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan ushbu havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting