AQSh O‘zbekistonning “Ohangaronsement” sement zavodi hamda Alisher Usmonovning UMS xoldingiga tegishli Akkermann Cement CA kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy qildi, deya xabar qilindi Qo‘shma Shtatlar Moliya vazirligi saytida.

2021-yil may oyida Kiprning LLamanka Enterprises kompaniyasi “Ohangaronsement” zavodi ustav kapitalidagi 84,197 foiz ulushini sotib olgan edi. O‘shanda bitim summasi 557,6 mlrd so‘mga baholangan. 2022-yil yanvar oyida Britaniya Virjiniya orollarining Lamanka Enterprises va Giacinttar kompaniyalari “Ohangaronsement”dagi ulushlarini 1,88 trln so‘mga sotganini e’lon qildi. Keyinchalik aksiyalarning xaridori Alisher Usmonovning UMS xoldingi kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan Akkermann Cement CA ekanligi ma’lum bo‘ldi.

“Usmonovning ixtiyorida keng offshor korxonalar tarmog‘i mavjud va u oila a’zolari orqali moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishi mumkin, bu esa unga sanksiyalarni chetlab o‘tishga imkon beradi”, — deya ma’lum qildi AQSh moliya vazirligi.

AQSh G‘aznachiligining Chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) yangi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan bir qator kompaniyalar, jumladan Akkermann Cement CA bilan operatsiyalarni 11-iyulgacha to‘xtatik uchun litsenziya berdi.

“Metalloinvest”, USM Telecom va “Megafon” ham sanksiyalar ostida qoldi. Ro‘yxatga Alisher Usmonov asos solgan xolding tarkibiga barcha kompaniyalar kiritilgan. Shuningdek, “Metalloinvest” tarkibiga kiruvchi korxonalar, jumladan, Mixaylovskiy va Lebedinskiy kon-qayta ishlash kombinatlariga ham cheklovlar joriy etildi.

OFAC milliy xavfsizlik, tashqi siyosat va sanksiyalar siyosati maqsadlarida jismoniy va yuridik shaxslarni ushbu ro‘yxatga (SDN list) joylashtiradi. SDN ro‘yxatidagi kompaniyalarning aktivlari bloklanadi. Amerika fuqarolari va shaxslariga ular bilan har qanday biznes yoki bitimlar olib borish taqiqlanadi.

“Ohangaronsement” haqida

“Ohangaronsement” zavodi XX asr o‘rtalarida tashkil etilgan. 1970-yilda kombinatga, 1980-yilda ishlab chiqarish birlashmasiga aylandi. 1994-yilda xususiylashtirilib, aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. Zeromax uzoq vaqt davomida korxonaning asosiy egasi bo‘ldi, 2006-yilda esa Rossiyaning “Yevrotsement” kompaniyasi 75,5% ulushini sotib olgan. Keyinchalik bu ulush 83,9% gacha oshirildi.

Spot nashrining yozishicha, 2014-yilda korxonada muammolar yuzaga kelgan — o‘shanda tugatilayotgan Davlat raqobat qo‘mitasi 1994-yildagi xususiylashtirishni noqonuniy deb topishni talab qilgan va Toshkent viloyati xo‘jalik sudi zavodning mol-mulki va bank hisob raqamlarini xatlagan. Bundan tashqari, kompaniya qo‘shimcha soliq to‘lashi kerak edi. Bir necha marta sud muhokamalari va apellyatsiyalardan so‘ng tomonlar bu masalani hal qilishga muvaffaq bo‘lishdi.

2020-yilda Rossiyaning eng yirik sement ishlab chiqaruvchisi “Yevrotsement” qarzlari uchun Sberbank nazoratiga o‘tdi va sotuvga qo‘yildi.

“Ohangaronsement” 2020-yilda O‘zbekistondagi eng yirik soliq to‘lovchilardan biri bo‘lgan va bozorda hukmronlik qiluvchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. 2021-yilning to‘qqiz oyida zavodning sof foydasi 188,8 mlrd so‘mni, 2020-yilning to‘qqiz oyida esa 187,1 mlrd so‘mni tashkil etdi.