“O‘zbekiston Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha respublika referendumi 2023-yil 30-aprel — yakshanba kuni o‘tkazilishi belgilangandi.

Ushbu jarayonda ishtirok etuvchilar referendum uchastkasiga pasport yoki ID-karta bilan borganda elektron tarzda ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasining jonli efirdagi majlisida aytib o‘tildi.

“Ovoz beruvchi fuqaro uchastkaga kelgach biometrik identifikatsiyadan o‘tadi. Buning uchun biz maxsus tartib loyihasini ishlab chiqdik. Bunda fuqaro birinchi navbatda saylovchilarning elektron ro‘yxati bilan ishlaydigan mas’ul oldiga borib, pasport yoki ID-kartasini beradi. U maxsus qurilma orqali skanerdan o‘tkaziladi va ro‘yxatda fuqaro aniqlanadi. Shu vaqtda uning yuzi ya’ni Face-ID orqali identifikatsiya ham qilinadi. Buni tizimning o‘zi avtomatik tarzda aniqlaydi”, — deya ta’kidladi MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Kuchkarov.

Uning aytishicha, bunga ko‘p vaqt ketmaydi. Aniqlangandan keyin tizim unga kvitansiya chiqarib beradi, shu asosda byulleten olib ovoz berishga haqli bo‘ladi. Uchastka komissiyasi avvalgidek uni ro‘yxatdan izlashga qiynalmaydi.

Ushbu tizimni tajriba-sinov tarzida 14-Toshkent shahar okrugida ayrim referendum uchastkalarida joriy etish taklif qilinyapti. Ushbu uchastkalar ro‘yxati okrug tavsiyasi asosida MSK tomonidan shakllantiriladi.

Unga zarur qurilmalar Adliya vazirligidan olinadi. Raqamli texnologiyalar vazirligi uni tizimda ishlashini ta’minlaydi. Sinov natijalari tahlil qilinadi. Bunda real ovoz berish sharoitida qurilmalarning qanday ishlashi tekshiriladi.