11-aprel kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi ma’lum qilindi, deb xabar berdi prezident matbuot kotibi.

Qay etilishicha, mamlakatda xususiy til markazlari soni 6 mingdan ortdi. Bugungi kunda 1,5 million yoshlar bo‘sh vaqtini chet tilini o‘rganishga sarflamoqda.

Lekin, shu bilan birga, yaqinda 100 ming nafar yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada yoshlar futbol, voleybol, stol tennisi va badminton kabi sport turlari bilan shug‘ullanishga qiziqishi, bo‘sh vaqtini kibersport bilan o‘tkazishini, kitobxonlik, musiqa, raqs, karaoke, teatr va kino bo‘yicha infratuzilmaga ehtiyoj borligini aytgan, oilaviy aylanish uchun xiyobon va sayilgohlar tashkil etilishini so‘ragan.

Shu munosabat bilan viloyat markazlarida, keyinchalik tumanlarda butun hafta kechayu kunduz ishlaydigan “Yoshlar sayilgohlari”ni tashkil etish topshirildi.

Bu joylarda kibersport, sport va intellektual o‘yingohlar, karaoke klublari, teatr, moda podiumlari, buk-kafe, kovorkinglar va boshqa ko‘ngilochar joylar tashkil etilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Istirohat bog‘lari, xiyobonlarda ijodiy va kino kechalari, raqslar, diskotekalar, viktorinalar, “Quvnoqlar va zukkolar” va boshqa bilimga chorlaydigan va ko‘ngilochar, tomoshabinlar talabiga mos tadbirlarni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Yig‘ilishda, shuningdek, Toshkent shahrida Anhor va Bo‘zsuv, Nukusdagi Do‘stlik, Urganchdagi Shovot, Farg‘onadagi Marg‘ilonsoy kanallari bo‘yida yoshlar ijod ko‘chalari tashkil etilishi aytib o‘tildi. Bu yerda rassomlar, haykaltaroshlar, adiblar, sozandalar va ularning muxlislari uchun sharoit yaratiladi.

Har bir oliygohda kovorking, teatr studiyalari va raqs maydonchalari bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Oliygoh rektorlari futbol, voleybol, basketbol, shaxmat, stol tennisi kabi sport turlari bo‘yicha o‘z klublarini tashkil etadi. Bu klublar Talabalar sport ligalariga birlashib, doimiy turnirlar o‘tkazib boradi.

Qo‘shimcha 300 ming yoshlarning xususiy markazlarda til o‘rganish xarajatlariga 100 milliard so‘m subsidiya ajratiladi. 206 ta oromgoh yil davomida ishlaydigan tizimga o‘tkazilib, har yili 100 ming nafar yoshlar qamrab oladi.

Tuman markazidan uzoqdagi mahallalarda sport, madaniyat va san’at yo‘nalishlarida to‘garak ochgan murabbiylarga zarur jihoz uchun 15 million so‘mgacha subsidiya beriladi.

Bundan tashqari, Buxoro, Samarqand, Xiva, Termiz, Shahrisabz, Qo‘qon kabi turistik majmualarda, shahar va tumanlardagi markaziy park va xiyobonlarda “Ochiq osmon ostida kutubxona”lar tashkil qilinadi.

O‘z hisobidan kutubxona barpo etayotgan tashabbuskorga 1 mingtadan o‘zbek va jahon adabiyotiga oid asarlar olib beriladi. Ular davlat hisobidan kompyuter bilan jihozlanib, Milliy kutubxona bazasiga ulanadi.

1-maydan yoshlar, talabalar, maktab o‘quvchilari o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazib, ular ko‘p ovoz bergan kitoblarni o‘zbek tiliga tarjima qilish bo‘yicha davlat buyurtmasi joriy qilinadi. Xususiy nashriyotlarga bu borada kreditlar foizini qoplab berish, garov ta’minoti bo‘yicha yengilliklar beriladi.

Mutasaddilarga har bir tumanda “daftar”ga kirgan 100 nafardan yoshlarning ichki turistik sayohatlarini tashkil qilish topshirildi.

2023-yildan boshlab yoshlar o‘rtasida “Kasb-hunar olimpiadalari” o‘tkazilishi ta’kidlandi. Misol uchun, oshpaz, konditer, stilist, dizayner, hunarmandlar o‘rtasida olimpiada o‘tkaziladi va g‘oliblarga ustaxonalar qurib beriladi, zarur dastgohlar olib beriladi.