Shavkat Mirziyoyev 12-aprel kuni bo‘lib o‘tgan marosimda favqulodda va muxtor elchilar — Falastindan Javad Avvad, Yaponiyadan Xatori Takashi, Qatardan Hasan Hamza Hoshim, Slovakiyadan Viktor Boretski va Pokistondan Ahmad Farukning ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Davlat rahbari O‘zbekistonga yangi tayinlangan diplomatik missiyalar rahbarlarini samimiy qutlab, O‘zbekistondagi faoliyatini boshlagani bilan tabrikladi.

O‘zbekiston yetakchisi ziddiyatlar va mojarolar keskinlashib borayotgan murakkab xalqaro vaziyat sharoitida barcha mamlakatlar bilan o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan tashqi siyosatni amalga oshirishning ahamiyati tobora ortib borayotganini alohida ta’kidladi.

Marosim davomida davlat rahbari yangi elchilar vakillik qilayotgan mamlakatlar bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

шавкат мирзиёев, elchilar

Falastin — O‘zbekistonning Yaqin Sharqdagi an’anaviy hamkorlaridan biri. Xalqlarni ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari, mushtarak diniy va madaniy qadriyatlar o‘zaro bog‘lab turadi. Qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, farmatsevtika va to‘qimachilik sohalarida hamkorlik uchun katta salohiyat borligi ta’kidlandi.

O‘zaro manfaatli almashinuvlarni rivojlantirish uchun Falastin davlat tashkilotlari va xususiy biznes vakillarining O‘zbekistonga tashriflarini tashkil etish taklif qilindi.

Yaponiya elchisiga murojaat qilar ekan, davlat rahbari Tokio O‘zbekistonning vaqt bilan sinalgan strategik sherigi ekanini, ushbu mamlakat bilan munosabatlar o‘zaro ishonch ruhida rivojlanib borayotganini qayd etdi.

Yaponiya O‘zbekiston iqtisodiyoti, sanoati va infratuzilmasini texnologik modernizatsiya qilishda faol ishtirok etayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. 2019-yil dekabr oyida o‘tgan va uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratgan O‘zbekiston-Yaponiya sammiti tarixiy voqea bo‘lgani qayd etildi.

Qatar O‘zbekiston uchun yaqin do‘st, nafaqat arab-musulmon olamida, balki butun dunyoda katta nufuz va ta’sirga ega mamlakat ekani qayd etildi.

Prezident Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Taniy rahbarligida erishayotgan katta muvaffaqiyatlarni yuksak baholadi, futbol bo‘yicha jahon chempionati va Doxada BMTning eng kam rivojlangan mamlakatlar bo‘yicha konferensiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.

Hamkorlik istiqbollarini baholar ekan, davlat rahbari bu borada katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.

Bo‘lajak O‘zbekiston-Qatar sammiti ikki mamlakat munosabatlarini sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqish sari tarixiy qadam bo‘lishiga ishonch bildirildi.

Ta’kidlanishicha, energetika, qazib chiqarish, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, qurilish, ekologik turizm va farmatsevtika sohalaridagi yirik qo‘shma loyihalar savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashda katta ahamiyatga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston Slovakiyani Yevropa Ittifoqida salmoqli iqtisodiy salohiyatga ega istiqbolli hamkorlaridan biri sifatida qabul qiladi.

Prezident do‘stlik va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan O‘zbekiston-Slovakiya munosabatlari yangi loyihalar va aniq dasturlar bilan boyib, izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi va qo‘shma korxonalar soni 2 baravar ko‘paygan.

O‘zbekiston investitsiya sohasida, shu jumladan tibbiyot, farmatsevtika va kimyo tarmoqlarining yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda aniq loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdorligi qayd etildi.

Siyosiy, iqtisodiy va harbiy salohiyati muttasil oshib borayotgan Pokiston bilan munosabatlar ikki mamlakat yetakchilarining muntazam muloqotlari tufayli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi.

Afg‘onistonda iqtisodiy tiklanishga ko‘maklashish borasidagi qo‘shma sa’y-harakatlar, shu jumladan Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini tezda boshlash Janubiy va Markaziy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Davlat rahbari Pokiston tomoniga BMT shafeligida Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro muzokara guruhini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.

So‘zining yakunida O‘zbekiston prezidenti yangi tayinlangan xorijiy diplomatik missiyalar rahbarlariga mas’uliyatli faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.