O‘zbekistonda baliq ovlash bilan bog‘liq qonunchilik hujjatlaridagi mavjud bo‘shliqlar to‘ldirilishi kutilmoqda. Bosh prokuratura tomonidan bu bo‘yicha qaror loyihasi muhokamalar portaliga qo‘yildi.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunga qadar “Baliq ovlash qoidalari” ishlab chiqilmagani oqibatida tabiiy suv havzalaridagi baliq resurslaridan foydalanishda ko‘plab qonun buzilishi holatlari yuzaga kelmoqda. Tabiiy suv havzalaridan sanoat miqyosida baliq ovlash uchun to‘lov miqdori, noqonuniy baliq ovlash oqibatida yetkazilgan zararlarni hisoblash tartiblari ham mavjud emas.

Mamlakat tabiiy suv havzalaridan baliq ovlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, ulardagi baliq resurslarini muhofaza qilish va brakonerlik holatlarining oldini olish uchun sohani huquqiy jihatdan tartibga solish zaruriyatini vujudga keltirmoqda.

Jumladan, 2022-yilda noqonuniy baliq ovlash bilan bog‘liq 1119 ta yoki 2021-yilga nisbatan 326 taga ko‘p huquqbuzarliklar aniqlangan.

Taqiqlangan baliq ovlash qurollari va ularni yo‘q qilish masalalari qonunchilik bilan tartibga solinmagani oqibatida noqonuniy baliq ovlash vositalaridan takroriy huquqbuzarliklarda foydalanish uchun imkoniyat yuzaga kelgan.

2022-yilda mazkur toifadagi huquqbuzarliklar soni 326 taga oshgan, ulardan 441 dona yoki 2021-yilga nisbatan 112 dona kam noqonuniy baliq ovlashda foydalanilgan to‘r va boshqa vositalar olingan.

O‘tkazilgan nazorat tadbirlarida:

  • qonunga zid bo‘lgan hujjatlarga nisbatan 199 ta protest keltirildi;
  • qonun buzilishi holatlarini bartaraf qilish yuzasidan 66 ta taqdimnoma kiritildi;
  • 251 nafar shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortildi;
  • jiddiy qonun buzilishi holatlari yuzasidan 87 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ilgari surilayotgan qaror loyihasida esa:

  • tabiiy suv havzalarida havaskorlik, sport va sanoat maqsadida baliq ovlash tartibi;
  • baliqlarning sanoatbob o‘lchamlari, ularni ovlash uchun to‘lovlar miqdori, ovlash uchun ruxsat berilgan to‘rlarni maxsus tamg‘alash bo‘yicha talablar hamda sanoat maqsadida baliq ovlashning hisobini yuritish tartibi;
  • baliq resurslaridan foydalanish ustidan nazorat, noqonuniy baliq ovlash oqibatida yetkazilgan zararlarni hisoblash tartibi;
  • taqiqlangan baliq ovlash qurol va vositalarini yo‘q qilish masalalarini hal etishning tartibi belgilanmoqda.