O‘zgidromet xizmati agentligi ish haftasi davomida — 10−14-aprel kunlari O‘zbekistonda kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.

Dushanba kuni atmosfera fronti o‘tishida markaziy va sharqiy hududlar bo‘yicha yomg‘ir yog‘adi, Toshkent viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi, ayrim joylarda do‘l yog‘ishi mumkin. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 15−20 m/s gacha kuchayadi, ba’zida esa 22−25 m/s gacha kuchayishi mumkin. Kunduzgi havo harorati +15…+20 darajani tashkil etadi.

Seshanba kunidan boshlab O‘zbekiston hududiga Turkmaniston orqali Eron hududlaridan juda iliq va quruq havo massasi kirib keladi. Respublika bo‘yicha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda.

Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 14-aprelda ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduzi havo harorati ko‘tariladi va ish haftasining oxiriga kelib, +29…32 darajani tashkil etadi, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +35…+37 darajagacha bo‘ladi.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda 11−14-aprel kunlari shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayishi mumkin. Tog‘oldi va tog‘li hududlarida 10−11-aprel kunlari vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Baland tog‘larda (2000 metrdan yuqorida) yomg‘ir qorga aylanishi mumkin.

10−11-aprelda tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Toshkent viloyatining tog‘li hududlarida 2000 metrdan yuqorida qor ko‘chishi xavfi bor.

Dushanba kuni Toshkent shahrida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi, do‘l yog‘ishi mumkin. Shamol g‘arbdan 5−10 m/s tezlikda esadi, momaqaldiroq paytida 12−17 m/s gacha kuchayishi mumkin. 11−14-aprelda yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Chorshanba kunidan boshlab havo jadal isiy boshlaydi. Dushanba va seshanba kunlari kunduzgi havo harorati +16…+19 daraja, juma kuniga kelib, +30…32 daraja atrofida bo‘ladi.