Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov poytaxtdagi ko‘chalar, tunnellar va metro bekatlarini suv bosgani yuzasidan fikr bildirdi, deb xabar bermoqda Kun.uz nashri.

Hokim v.b. shahar drenaj tizimida yuzaga kelayotgan muammolarni o‘zi o‘rganib chiqqanini ma’lum qildi.

“Drenaj tizimini o‘rgandim. O‘zimizdan ham ayb qidiraylik, 20−30 foiz drenajlarni fuqarolarning o‘zi uy qurish jarayonida yopib yuborgan. Biz bu narsalarni o‘rganib, aniqlab bo‘ldik. Hozir mazkur tizimni endi qanday tiklaymiz, qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan insonlarga qanday chora ko‘riladi? Bu — davlat mulki. Nimaga suv toshdi? Birinchidan, asfalt bo‘lib yotibdi, suv shimilmadi. Odamlar uy quryapti, qurmasa ham to‘sqinlik bo‘layotganini yozadi. Sharoit qilib berilishini talab qilishadi. Lekin aholimiz qurilish madaniyatiga rioya qilgan holda qurishi kerak-ku, yerning ostidan o‘tgan narsalarni yopib tashlashi kerakmas-ku. Bu borada tadbirkorlarning ham, aholining ham sonini aniqlab, ma’lum qilamiz”, — dedi Shavkat Umurzoqov.

Davletovuz kanali muallifi Qobil Xidirov esa “davlat xizmatchilari uchun oltin qoida xalqni ayblamaslik bo‘lishi kerakligi” haqida yozdi.

“Barcha davlat xizmatchilari uchun oltin qoida — bu xalqni ayblamaslik, davlat o‘z vazifasini uddalay olmaganida odamlarni aybdor qilmaslik bo‘lishi kerak. Odamlarni aybdor deb biladigan amaldorning yo dunyoqarashi noto‘g‘ri, yo amali. Xalq aybdor emas. Balki davlat o‘zining funksiyasini bajara olmayotganida, davlatsizlikda. Yangi hokimimizdan ham shuni so‘rab qolgan bo‘lar edik”, — deydi u.

Eslatib o‘tamiz, 2-aprelda Toshkentda kuchli yog‘ingarchilik kuzatilib, shahar ko‘chalari, tunnellar va hatto metro bekatlarini suv bosgandi. Hokimlik holatga munosabat bildirib, buni “lotoklar bir paytning o‘zida bunday katta oqimni qabul qilishga mo‘ljallanmagani” bilan izohlagan.

2022-yil 2-noyabrda ham kun davomida yomg‘ir yog‘ishi oqibatida Toshkentning ayrim ko‘chalarida suv toshishi kuzatilgandi. O‘shanda shahar hokimligi ushbu toshqinlarga yagona sabab sifatida yul va ariqlarga tashlangan chiqindilar ekanini ma’lum qilgan.

16-noyabr kuni ham poytaxtda yog‘ingarchilik kuzatilgan. Ariqlarda suv to‘planib, yo‘l yoqasida ko‘lmaklar hosil bo‘lgan.

Shundan so‘ng shaharning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxt Obodonlashtirish bosh boshqarmasi boshqaruvchisi Anvar Umarovga boshqarma “balansida bo‘lgan texniklardan samarali foydalanmagani va ishda yo‘l qo‘yayotgan kamchiliklari” uchun hayfsan bergan.