Sirdaryo viloyati sanoat, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va tibbiyot sohalarida “ilg‘or innovatsiyalar hududi”ga aylanishi kerak. Bu haqda juma kuni u yerga xizmat safari bilan borgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev viloyat xalq deputatlari kengashi sessiyasida aytib o‘tdi.

“Innovatsion hududda hokim, viloyat, tuman rahbarlari aholi va tadbirkorlarga sharoit yaratish bo‘yicha har kuni yangilikka intilishi, dunyoqarashi va yondashuvlari o‘zgarishi kerak”, — deya iqtibos keltirdi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

“Viloyatni innovatsion hududga aylantirish uchun qaysi davlat tajribasini olib kelish bo‘yicha ko‘p o‘yladik. Tan olish kerak, oxirgi yillarda Xitoy sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va tibbiyotda misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishdi. Xitoyning ilm, innovatsiya, muhandislik, elektrotexnika, robototexnika va IT yo‘nalishlarida tajribasi katta. Eng asosiysi, Xitoy bizga transport-logistika jihatidan eng yaqin yirik bozorlardan biri”, — dedi prezident.

Qayd etilishicha, xitoylik investorlarning ham viloyatga qiziqishlari katta. Oxirgi olti yilda xitoylik investorlar bilan birga Shirin shahri, Mirzaobod va Sirdaryo tumanlarida 60 dan ortiq yirik sanoat korxonalari ish boshlagan. Viloyatga 2022-yilning o‘zida 250 million dollardan ziyod Xitoy investitsiyalari jalb qilingan. Bu viloyat investitsiyasining deyarli 90 foiziga teng.

“Shu bois Sirdaryoda barcha sohalarni rivojlantirishda Xitoy tajribasiga tayanishimiz lozim”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.