Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida 52 yoshli erkak mehribonlik uyidan asrab olgan 13 yoshli qizni zo‘rlab, homilador qilib qo‘ygani, Oliy sud holat bo‘yicha jinoyat ishi 7-aprel kuni yopiq sud majlisida ko‘rilishini xabar qilingandi. Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, aslida 2 nafar voyaga yetmagan qiz zo‘rlangan.

Chiroqchi tumanida yashovchi fuqaro K.T. 2022-yilda Oilaviy bolalar uyini tashkil qilib, jami 8 nafar bolani qaramog‘iga olgan. U bolalar uyida yashagan 2 nafar voyaga yetmagan qizlarga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish, nomusga tegish jinoyatlarini sodir qilgan.

Holat bo‘yicha tuman IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, erkak ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Hozirda jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudiga yuborilgan.

“Mazkur oilaviy bolalar uyida tarbiyalangan bolalarning barchasi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ijtimoiy himoyaga olinishi ta’minlandi, voyaga yetmagan jabrlanuvchilarda homiladorlik holati aniqlanmadi, mutaxassislar ishtirokida ular bilan psixologik suhbat o‘tkazildi”, — deyiladi xabarda.

Qo‘mita xabariga ko‘ra, voqea aniqlanganidan so‘ng tarbiyalanuvchilarning 2 nafari yaqin qarindoshlariga qaytarilgan, 5 nafari viloyat IIB boshqarmasi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan.

Yana 1 nafari o‘zining xohishi bilan Chiroqchi tuman hokimligi Bolalarni himoya qilish shu’basi mudiri ixtiyoriga vaqtincha topshirilgan, 1 nafar voyaga yetgan tarbiyalanuvchini Qarshi shahridagi “Ishga marhamat” mono markaziga kasbga o‘qitish kurslariga joylashtirish chorasi ko‘rilmoqda.

Jinoyat ishi prokuratura idoralari tomonidan nazoratga olingan, deyiladi xabarda.