Shamol va suv musiqasi:
Parkent tumani bo‘ylab sayohat
Dam olish kunlari oila va do‘stlar davrasida tabiat qo‘yniga chiqish hamda bahor go‘zalliklaridan bahra olish uchun ajoyib imkoniyat. Buning uchun esa sayohatni oldindan rejalashtirgan maʼqul. «Gazeta.uz» Parkent tumanining qiziqarli joylari, tabiati va mazali taomlari haqida sayohat qo‘llanmasini tayyorladi.

Dam olish kunlari oila va do‘stlar davrasida tabiat qo‘yniga chiqish hamda bahor go‘zalliklaridan bahra olish uchun ajoyib imkoniyat. Buning uchun esa sayohatni oldindan rejalashtirgan maʼqul. «Gazeta.uz» Parkent tumanining qiziqarli joylari, tabiati va mazali taomlari haqida sayohat qo‘llanmasini tayyorladi.

Parkent tumani poytaxtdan 50 km shimoli-sharqda joylashgan toshkentliklarning sevimli dam olish maskani hisoblanadi. Bu yerda tog‘ yonbag‘irlari uzumzorlar bilan qoplangan, soylar shovillaydi, dalalar guldor gilamlar bilan qoplangan, yoqimli va musoffo havoli qarag‘ay o‘rmoni mavjud. Shamol esgan tepaliklarda bolalar varrak uchirishadi. Ko‘pchilik uchun Parkent tumani gastronomik markaz hisoblanadi. Bahorda bu yerda maxsus taomlar: ko‘k va mador somsa, mazali so‘qoq kaboblari tayyorlanadi.

U yerga qanday borish mumkin? Toshkentdan Parkentgacha jamoat transportida yoki avtomashinada yetib olsa bo‘ladi. «Mashinasozlar» metro bekatidan 221 va 338-sonli avtobuslar harakatlanadi. Safar bir soatdan salgina ko‘proq vaqtni oladi.

Muhammad Yusuf ko‘chasidan (xalq tilida Dog‘iston) esa Parkent tumaniga «GAZel» mikroavtobuslari qatnaydi. Viloyat markaziga shu yerdan, jumladan, Yangibozor shaharchasida transport almashtirish orqali ham borish mumkin.
«Fizika-Quyosh» instituti
Parkentdan 8 km sharqda, Quyosh qishlog‘i yaqinida noyob ilmiy majmua — «Fizika-Quyosh» instituti joylashgan. Bunday maskan dunyoda faqatgina ikkita: Fransiya va O‘zbekistonda bor. Bu yerda quyosh energiyasi to‘planadi va yangi materiallar olish hamda kosmik kemalarning tashqi qoplamasini sinab ko‘rish uchun ishlatiladi.

U yerga qanday borish mumkin? Parkentdan taksi orqali. Haydovchilar butun mashina uchun taxminan 30 ming so‘m so‘rashadi. Avtomobil egalariga esa Yandeks xaritasidan foydalanish tavsiya etiladi.
Xizmatlar narxi. Hududga kirish pullik. Kattalar uchun chipta 15 ming so‘m, talabalik chiptasi — 10 ming so‘m, maktab o‘quvchilari uchun — 5 ming so‘m turadi. 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun kirish bepul. Xorijiy fuqarolar uchun kirish to‘lovi Markaziy bank kursi bo‘yicha 5 dollarni tashkil etadi. Barcha turdagi avtomashinalar uchun to‘xtash joyi 10 ming so‘m turadi.
реклама
реклама
Institutda nimalar qilish mumkin?
Ekskursiyalarda qatnashish. Muassasa gidlari ilmiy-maʼrifiy ekskursiyalar tashkil etishadi. Ularning narxi bir kishi uchun 50 ming so‘mdan. Bundan tashqari, interaktiv turlar ham mavjud. Ulardan biri quyosh pechida metall va toshlarni eritib, quyosh oshxonasida ovqat pishirishni taklif qiladi. Bunday ko‘ngilochar ish bir kishi uchun 100 ming so‘mga tushadi.

Shuningdek, teleskop orqali yulduzlar va sayyoralarni kuzatish uchun institutga tungi sayohatga borish ham mumkin. Obyekt dengiz sathidan 1000 metrdan ortiq balandlikda joylashgani uchun tungi osmon musaffo, yulduzlar yorqin. Bu tur kishi boshiga 50 ming turadi. Guruhda kamida 5 kishi bo‘lishi kerak.

Muhim eslatma: Maʼmuriyat borish vaqti va guruhdagi odamlar sonini oldidan maʼlum qilib qo‘yishni tavsiya etadi.

Arxitekturasini tomosha qilish. Bosh bino foyesida «Quyoshga madhiya» nomli ulkan shisha qandil eʼtiborni tortadi. Uning vazni uch tonnani tashkil etadi. Asar muallifi 1966—1985-yillarda Toshkentda yashagan litvalik vitraj rassomi Irena Lipenedir. «Quyoshga madhiya» Boltiqbo‘yi qahrabosi va Bogemiya oynasidan tayyorlangan. Zinapoyaning yonida Lipenning yana bir shishali installyatsiyasi — Sayyoralar paradi joylashgan.
Сурат: Арсений Котов
Irena Lipene Toshkentda yashagan yillarida «Mustaqillik maydoni», «Hamid Olimjon» va «Pushkin» metro bekatlari uchun dekorlar, shuningdek, Toshkent teleminorasi restoranining vitraj oynasini ham yasagan.

Institut bosh binosida ilmiy inshootning qurilishi va faoliyati haqida so‘z boradi. U bilan tanishuv osmon minglab ko‘zgularda aks etgan ko‘chada davom etadi.

Geliomajmua: Bu inshoot bejizga Parkent tumanida joylashgan emas. U ishonchli monolit tektonik plastinka ustiga barpo etilgan bo‘lib, bu obyektni zilzilaga chidamliligini taʼminlaydi. Qolaversa, bu yerda quyosh yiliga o‘rtacha 300 kun charaqlab turadi va Kuyosh qishlog‘i joylashgan balandlik obyektga quyosh nuri tushishi uchun eng qulay hisoblanadi.

«Fizika-Quyosh» institutida turli tadqiqotlar olib boriladi. Asosiy faoliyat — muayyan vazifalar uchun maxsus xususiyatlarga ega yangi materiallarni olish. Ular asosan qiyin eriydigan nometall oksidlardan, masalan, sirkoniy yoki alyuminiydan olinadi. Bunday materiallarni boshqa sharoitlarda ishlab chiqarish qiyinroq kechadi. Institutda buni qilish osonroq, chunki quyosh pechkasi juda yuqori haroratda erishishga imkon beradi.
Bu dunyodagi eng katta pech hisoblanadi. Uning faoliyati uchta tarkibiy majmua: 62 geliostat, konsentrator va pechning o‘zidan tashkil topadi.

Javohir Shermatov
«Fizika-Quyosh» instituti ilmiy kotibi
«Geliostatlar — bu 6,5 dan 7,5 metrgacha bo‘lgan katta oynalar. Har birining markazida quyosh sensori mavjud bo‘lib, u geliostatni kunduzi quyoshga yo‘naltirib turadi. Ushbu 62 ta qurilmaning har biri o‘lchami 50 ga 50 sm bo‘lgan 195 ta fatset — maxsus kvadrat oynadan iborat. Bunday fatsetlardan jami 12 900 tasi bor. Ular quyosh nurini aks ettiradi va uni konsentratorga uzatadi».
Geliostatlar
Konsentrator — geliostatlar qarshisidagi ulkan «sunʼiy yo‘ldosh antennasi» — yorug‘likni o‘ziga to‘playdi va konsentratsiya qilib, so‘ng uni quyosh pechiga o‘tkazadi.
Inshoot tomi markazida joylashgan kichik bino esa quyosh pechi bo‘lib, u yerda o‘ta yuqori darajali quyosh nurlari taʼsirida bir materialni boshqasiga aylantirish borasidagi barcha ilmiy «sehrlar» sodir bo‘ladi.

Javohir Shermatov
«Fizika-Quyosh» instituti ilmiy kotibi
«Konsentrat 2268 kvadrat metrlik oyna yuzadan tashkil topgan. Bu qurilmaning o‘ziga xosligi shundaki, u 45 smdan 45 sm gacha bo‘lgan 10 700 ta ko‘zgudan iborat bo‘lib, ularning har biri quyosh nurlarini bir nuqtaga qaratish uchun o‘ziga xos botiqlik burchagiga ega».
Uning so‘zlariga ko‘ra, quyosh pechida to‘plangan yorug‘lik nurining diametri 20-100 sm, nurdagi harorat 3000 darajaga yetadi. Eʼtiborlisi, bu yerda na suyuq, na qattiq yoqilg‘i yoqiladi — faqatgina Quyosh nuri bir nuqtadan ikkinchisiga yo‘naltiriladi.

Konsentratorga faqat piyoda chiqib borish mumkin — lift ishlamaydi. Bu xuddi
12-qavatga ko‘tarilgandek gap. Zinapoya ancha ishonchli, keng va tutqichli. Yo‘lda tog‘lar, dalalar, o‘rmonlar, qo‘shni qishloqlarning go‘zal manzarasi namoyon bo‘ladi. Qo‘ylar qanday o‘tlayotgani va o‘riklarning gullashini tomosha qilish mumkin. Tepaga ko‘tarilganda, shamol har tomondan hushtak chaladi. Kuzatuv platformasidan geliostatlar kichkina bo‘lib ko‘rinadi.
Geliostatlarning birinchi qatori orqasida ichiga botiq oynali qurilma mavjud. Uning oldida turilsa, undagi aks xuddi egri oynadagi kabi bo‘ladi. Bu joy minglab selfilar uchun dekoratsiyaga aylandi. Siz ham ularning sonini ko‘paytirishingiz mumkin.

Geliostatlar yonida poligon joylashgan bo‘lib, u yerda qiziqarli ekskursiyalar o‘tkazish, taomlar tayyorlash mumkin. Xuddi shu oynalar va quyosh nuri yordamida bir necha soniyalar ichida choy qaynatish, boshqa bir sahnda esa kabob pishirish mumkin.
Nimalar sotib olish mumkin? Obyekt hududiga kiraverishda quyosh pechida eritilgan minerallar: granatalar, shpinellar, yoqutlar sotiladi. Ularning narxi 50 ming so‘mdan boshlanadi. Ularni qaytishda, quyosh sizni qudrati bilan o‘ziga maftun etganidan so‘ng olib ketgan maʼqulroq.
Hazrati Ali Buva majmuasi
Institutdan sharqqa 20 daqiqalik yo‘lda, tog‘ yonbag‘rida Kumushkon qishlog‘i joylashgan. Tepalikda esa Hazrati Ali Buva majmuasi qad rostlagan. Ushbu maskan afsonalarga burkangan.

Odamlarning hikoya qilishlaricha, bir zamonlar sayohatchi zamonaviy O‘zbekiston hududiga mahalliy aholi islom dinini qabul qilishi uchun keladi. Yo‘lda namoz o‘qish uchun Kumushkonda to‘xtaydi. Namoz o‘qish uchun tahorat olay, desa, atrofda suv yo‘q ekan. Shunda musofir besh barmog‘i bilan yerga urib, Allohdan suv so‘raydi — shu zahoti beshta buloq paydo bo‘ladi.
U buloqlar yaqinida yerga yo hassasi yoki novdachani suqadi. Afsonaga ko‘ra, bu sayohatchi Muhammad Payg‘ambar (s.a.v.)ning amakivachchasi, kuyovi va safdoshi, siyosat va jamoat arbobi Abul-Hasan Ali ibn Abu Tolib al-Kurashiyning o‘zi bo‘lgan. Uning sharafiga masjidga Hazrat Ali Buva nomi berilgan.

Aholining tan olishicha, bu rivoyat muqaddas kitoblarda keltirilmagan, ammo bu joy shunda ham mashhur bo‘lib qolmoqda. Odamlar kichik Hajni amalga oshirish niyatida Hazrati Ali Buvaga oqib kelishadi.
реклама
реклама
U yerga qanday borish mumkin? Parkentdan Kumushkonga taksi yoki «Damas»da yetib olsa, bo‘ladi. Taksi har bir kishi uchun 6 ming so‘m yoki butun mashina uchun 25 ming so‘m turadi. «Damas» 3-4 ming so‘m so‘raydi.

Majmuaga mikroavtobuslar ko‘tarilmaydi. Taksi haydovchilari bilan yo‘l haqini oldindan kelishib olish kerak. Qishloqqa kiraverishda sut mahsulotlari, non, meva sotuvchilari to‘planadigan maydoncha bor. Shu yerda taksi haydovchilari ham turishadi. Ular bilan tepaga sayohatni tashkil etishni kelishib olishingiz mumkin.
Ammo agarda o‘zingiz kelgan bo‘lsangiz, piyoda ko‘tarilishingizni tavsiya qilamiz — taxminan bir kilometrcha. Posyolka juda chiroyli va manzarali, yagona dizayn-kodga ega. Bu yerda ko‘rkam uylar, pastak panjaralar ortida mevali daraxtlarning shoxlari osilib turibdi. Hozirda ular gulga kirgan.

Majmuaga mashinada borish ham mumkin. Biroq tepalikka chiqish yo‘li juda tik. Nishablik 12 foizdan yuqori bo‘lgan bir nechta uchastkalar mavjud. Onlayn xarita orqali yo‘nalishni belgilab olgan maʼqul, chunki yo‘l ayrim joylarda tarvaqaylab ketgan.
Tepalikning uchigacha mashinada chiqib bo‘lmaydi. Avtomobilni turargohda qoldirib, majmuaga tik zinapoya orqali ko‘tarilish kerak bo‘ladi. Nogironlar aravachasi yoki bolalar aravachasini ham olib chiqish mumkin, lekin bu juda ko‘p kuch talab qiladi. Zinapoyalar tik panduslar bilan taʼminlangan.
Kumushkonda nimalar qilish mumkin?
Hazrati Ali Buva majmuasi asosan masjid va moʻjaz choyxonadan tashkil topgan. Majmuaga safarimiz chog‘ida ularni taʼmirlash ishlari olib borilayotgan edi — bu yilgi qishda kuzatilgan anomal sovuq majmuaga qisman shikast yetkazgan, kuchli yog‘ingarchilik tufayli choyxona tomi singandi. Hozirda ishlar yakuniga yetgan bo‘lishi kerak.

Tog‘larni tomosha qilish. Masjiddan tepalikdagi kuzatuv maydonchasiga chiqish mumkin. Bu yerdan Parkent tumanining go‘zal manzarasi namoyon bo‘ladi, shu joyga o‘rindiqlar o‘rnatilgan. Odatda bu yer juda shamolli. O‘zingiz bilan qalinroq kiyim olgan yaxshi. O‘pkangizni to‘ldirib nafas oling. O‘t-o‘lanlar ifori bilan to‘yingan bahoriy havodan dilingiz yayraydi.

Varrak uchiring. Ularni yo‘lda sotib olishingiz yoki internetdagi tavsiyalarga qarab o‘zingiz yasab olishingiz mumkin.
Tilagingizni tilang. Rivoyatlarga ko‘ra, Hazrati Alining hassasidan «o‘sib chiqqan» Chinor majmuaning eng diqqatga sazovor joyi hisoblanadi. Daraxtga qo‘lingizni qo‘yib tilak bildirsangiz, u albatta ro‘yobga chiqadi, deyishadi.

Majmua hududidagi buloqdan idishlarga suv to‘ldirib olish ham mumkin.
Nimalar sotib olsa bo‘ladi? Quruq mevalar, sharflar, tasbehlar va boshqa esdalik uchun sovg‘alar. Ular majmuaga ko‘tarilishda zinapoyalarda sotiladi.
So‘qoqdagi o‘rmon xo‘jaligi
So‘qoq o‘zining kabob va ko‘k somsasi bilan mashhur. Aprel oyida bu yerda lolaqizg‘aldoqlar gullay boshlaydi. Ularning manzarasida suratga tushishni xohlovchilarning avtomobillaridan uzun turnaqator navbatlar paydo bo‘ladi. Bir tomondan bu mahalliy aholi uchun ayni muddao. Biroq boshqa tomondan mashinalar shovqini, ulardan zaharli gazlar chiqishi muammo. Ayrim odamlar chiqindilarini shundoqqina tabiat qo‘yniga tashlab ketishadi. Ularni chiqindilarini maxsus joylarga tashlashga, topa olmasa, Toshkentdagi uyiga bo‘lsa ham olib ketishga chaqirgan bo‘lardik.

U yerga qanday borsa bo‘ladi? Parkentdan taksida odam boshiga 10 ming so‘mdan yoki mikroavtobuslar — «Damas»da 6 ming so‘mdan yetib olish mumkin.

Agar mashinangizda Kumushkon qishlog‘idan u yerga bormoqchi bo‘lsangiz, Yandeks xaritalari uzoq (45 daqiqa) va qisqa (20 daqiqa) yo‘lni taklif qiladi. Uzoqni tanlashni tavsiya qilamiz. Chunki ikkinchi yo‘ldagi o‘nqir-cho‘nqir va o‘ydimlar sababli ko‘proq vaqtingiz ketib qolishi mumkin.
Mashinani So‘qoq posyolkasining o‘zida — o‘rmon xo‘jaligi darvozasining oldiga qoldirib ketgan maʼqul. Biroq dam olish kunlari o‘rmon xo‘jaligiga kirish oldidagi avtoturargoh mashinalar bilan to‘lib-toshadi. Avtoturargoh nari borsa 10 ta mashinaga mo‘ljallangan.
So‘qoqda nimalar qilsa bo‘ladi?
Qishloq manzarasidan bahra oling. O‘rmon xo‘jaligiga eltadigan yo‘l qishloq ichidan o‘tadi. Uylar yonidagi pichan g‘aramlari, tovuqlar yugurishi, eshaklar baland ovozda hangrashi, qiziquvchan bolalar mehmonlarga qarashi — qishloq hayotining ajralmas bir bo‘lagidir. Yo‘l esa yuqoriga chiqib, pastga tushadi.
реклама
реклама
Ovqatlaning. Qo‘riqxonaga yetmasdan oqib turgan soy bo‘yida o‘nlab oshxonalar mavjud. Menyudan asosan sabzavotli salat, kaboblar va ko‘k somsa o‘rin olgan. Hozirda ko‘k somsalar ismaloq va ko‘k piyozdan tayyorlanadi.
Toshkentliklarni Parkent tumaniga ohanrabodek tortib turadigan mashhur mador somsa esa aprel oyidan paydo bo‘la boshlaydi. Issiq tandirda yupqa xamir bir necha daqiqada pishib chiqadi. Bir kishining to‘yib ovqatlanishi o‘rtacha 50 ming so‘mga tushadi. Karavotlar suv o‘zanining shundoqqina bo‘yida joylashgan. Uning shovqiniga quloq tutish — boshqacha rohat beradi.
O‘rmon xo‘jaligida sayr qilish. Hududga kirish pullik — bir kishi uchun 15 ming so‘m. Darvoza oldida piyoda sayr qiluvchilar uchun sodda va tushunarli xarita osilgan. Shu yerning o‘zida tashrif buyuruvchilarga ko‘rsatmalar beriladi, ularga jurnalga imzo qo‘yish so‘raladi. Imzo qo‘riqxona qoidalari bilan tanishligingizni tasdiqlash uchun zarur. Hududda axlat tashlash va olov yoqish qatʼiyan man etiladi: quruq o‘tlar va daraxtlar bir zumda yonib ketadi.

O‘rmon xo‘jaligi hududida moʻjazgina sharshara, g‘orlar va Chashma bulog‘i bor. Barcha obyektlar bir-biriga yaqin joylashgan. Ularni ko‘rish uchun ikki-uch soat yurish kifoya.
Katta yo‘l bo‘ylab o‘rindiqlar bor. Sharsharaga boradigan yo‘l tog‘ pastliklari bo‘ylab o‘tadi. Uning suvi tip-tiniq, lekin juda sovuq — oyoqlaringizni ho‘llamang. Bu yerda suzish ham taqiqlangan.
G‘orga boradigan yo‘lda meteostansiya joylashgan. Shu yerda ulkan stolda piknik uchun to‘xtashingiz mumkin. Keyin yo‘l tepalikka boradi, u yerdagi o‘rindiqlarga o‘tirib, tog‘ daralari va o‘rmonning maftunkor manzarasidan bahra olsa bo‘ladi. Bu yerdan qoya va undagi qora dog‘lar — g‘orlar yaxshiroq ko‘rinadi. Biroq ularning eng kattasi ham kichik hajmga ega — kirib bo‘lmaydi. Ammo unga boshingizni tiqsangiz, toshning qaʼrida qayerdadir sharillab oqayotgan suv tovushini eshitishingiz mumkin.
Chashma bulog‘i uzoqroqda joylashgan bo‘lsa-da, unga boradigan yo‘l tepadan ham ko‘rinadi. Tog‘larning tepalarida baʼzi joylarda hali ham qor bor, qo‘riqxonaning o‘zida esa dov-daraxtlar allaqachon gullashni boshlab yuborgan, har tomonda kapalaklar parvoz qiladi. Havo o‘t-o‘lanlar, archa va tuproqning xushbo‘y hidi bilan to‘yingan.

Nimalar sotib olish mumkin? Qaytishda xushbo‘y jambul, asal, yong‘oq va quritilgan mevalarni sotib olishingiz mumkin.
Materialni Jahongir Azimov va Ivan Golovchenko tayyorladi.
Rus tilidan Sanjar Said tarjimasi.
Fotosuratlar mualliflari: Madina Aʼzam,
Jahongir Azimov, Ivan Golovchenko.

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar «Gazeta.uz» nashriga tegishli. «Gazeta.uz» internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan ushbu havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting