Markaziy saylov komissiyasining 5-aprel kuni bo‘lib o‘tgan majlisida Konstitutsiya bo‘yicha o‘tkaziladigan referendumida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni hamda ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish, referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan ayrim okrug komissiyalari raislarining axborotlariga oid masalalar ko‘rib chiqildi.

Komissiya a’zosi Gulnoza Rahimovaning ma’lum qilishicha, MSK qarori bilan xorijiy mamlakatlardan jami 26 nafar kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.

Xususan, MDH Ijroiya qo‘mitasi referendumni kuzatish bo‘yicha missiyasidan 8 nafar, MDH Parlamentlararo assambleyasining referendum kuzatish komissiyasidan 10 nafar, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosidan 1 nafar, Gruziya markaziy saylov komissiyasidan 3 nafar, Ozarbayjon Markaziy saylov komissiyasidan 2 nafar, Indoneziya va Niderlandiya davlatlaridan 1 nafardan kuzatuvchilarga akkreditatsiya berilgan.

Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlarga ko‘ra, 14 ta mahalliy ommaviy axborot vositasining jami 62 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazilgan. Endilikda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillarining umumiy soni 346 nafarni tashkil etmoqda.