Toshkent ramzlariga chizgilar: Teleminora
Toshkent teleminorasiga tashrif buyuruvchilar uning foyesidagi hashamatli panno va shaharning ajoyib manzaralarini namoyon etuvchi kuzatuv maydonchasini eng ko‘p qadrlashadi. 110 metr balandlikdagi “Koinot” restorani ham minglab juftliklar uchun oila atalmish muqaddas qo‘rg‘onning tamal toshi qo‘yilgan maskan sifatida eʼzozlanadi. Toshkentning ushbu timsoli teleminora xodimlari uchun nima sababdan sevimli ekani esa — maxsus materialimizda.
Toshkent teleminorasiga tashrif buyuruvchilar uning foyesidagi hashamatli panno va shaharning ajoyib manzaralarini namoyon etuvchi kuzatuv maydonchasini eng ko‘p qadrlashadi. 110 metr balandlikdagi “Koinot” restorani ham minglab juftliklar uchun oila atalmish muqaddas qo‘rg‘onning tamal toshi qo‘yilgan maskan sifatida eʼzozlanadi. Toshkentning ushbu timsoli teleminora xodimlari uchun nima sababdan sevimli ekani esa — maxsus materialimizda.
Sovet modernizmi yodgorligi bo‘lmish — Toshkent teleminorasi — 40 yildan buyon kengayib borayotgan poytaxtning chor tarafidan ko‘rinib turibdi. Bir necha yil oldin unga o‘rnatilgan 250 ta yorug‘lik chiroqlari tufayli minora tunda oltindek yal-yal yonadi.

Asosiy kirish eshigidagi qorovullar ortida mehmonlarni ekskursovodlardan Shirin Xolto‘rayeva va Farhod Sodiqov kutib olishadi. Yoshlar tashrif buyuruvchilarni yog‘och polli uzun galereya bo‘ylab olib borishadi, bu yerda mehmonlar dunyoning turli teleminoralar maketlarini tomosha qilishlari mumkin.
Foyeda ekskursovodlar tashrif buyuruvchilar eʼtiborini Abdumalik Buxorboyevning florensiya va rim uslubidagi mozaik pannosiga qaratadi. Mazkur panno oltita kompozitsiyadan iborat. Rim uslubidagi panno marmar, metall va yarim qimmatbaho toshlar: yashma, serdolik, lazurit, oniks, selenit va boshqalardan tayyorlangan. Florensiya pannosi esa — vulqon tufidan (g‘ovak tog‘ jinsi – tarj.) ishlangan.
Farhod Sodiqovning aytishicha, pannoda o‘zbek madaniyatining ko‘plab timsollari yashiringan. Orqaga bir-ikki qadam tashlab, 1980-yillarning telefoto (televizor prototipi), Toshkent kurantlari, televizor ekrani va boshqa timsollari tasvirini ko‘rish mumkin. Yillar o‘tgan sayin pannoning qadri oshib bormoqda, deya qayd etadi Farhod Sodiqov.
реклама
реклама
Teleminoraning kuzatuv maydoni oltinchi qavatda — 100 metr balandlikda joylashgan. 2022-yilda binolar taʼmirlandi, panoramali oynalar o‘rnatildi. Yangilari kattaroq bo‘lgani bois shahar manzarasini yana-da kengroq burchaklarda ko‘rish imkoniyati yaratildi.
«Bu yerdan butun Toshkentni ko‘rish mumkin, — deydi Shirin Xolto‘rayeva. — Men uch yildan beri poytaxtning o‘sishini kuzataman. Yangi binolar, Tashkent City paydo bo‘layotganini ko‘raman. Bu yerda siz hamma narsani bir qarashda ko‘rishingiz mumkin».
  • Teleminoraning ish vaqti

    Obyektga har kuni soat 10:00 dan 20:00 gacha kirish mumkin
  • «Koinot» restoranining ish vaqti

    Soat ertalabki 10 dan kechki 11 gacha. Teleminoraning o‘ziga soat 20:00 dan oldin borish muhim
  • Kirish puli

    • 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar — bepul;
    • 7 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar va nafaqaxo‘r O‘zbekiston fuqarolari uchun — 20 ming so‘m;
    • kattalar va chet el fuqarolariga — 40 ming so‘m.
  • Экскурция нархи

    Tekin. Ammo ekskursovodlar har doim ham bo‘sh bo‘lavermaydi
Toshkent teleminorasi, bu — balandligi 375 metr bo‘lgan temir konstruksiyadir. Qurilish zarurati 1978 yilda paydo bo‘ldi, chunki televideniye va radioeshittirishlar qamrovini kengaytirish zarur edi. Ungacha bu vazifa MTRK minorasidan («Paxtakor» metro bekati chiqishida) amalga oshirilgan. Anhor kanali yaqinidagi minora olti yil davomida bunyod etilgan. Tantanali ochilish marosimi 1985 yil 15 yanvarda bo‘lib o‘tgan.
Teleminoraning yuqori qismida — 220 metr balandlikda — radio va ob-havo stansiyalari mavjud. Biroq u yerga tashrif buyuruvchilarning chiqishlariga ruxsat berilmaydi.

370 metr balandlikda esa 2x4 metr o‘lchamdagi O‘zbekiston bayrog‘i o‘rnatilgan. Bayroq har ikki yoki uch yilda bir marta almashtiriladi.
реклама
реклама
Minora poydevori — bu 11 metr chuqurlikdagi yostiq bo‘lib, u 9 magnitudali zilzilaga bardosh bera oladi. Minora har biri 93 metr balandlikda uchta oyoq ustida turadi.
«Teleminora oyoqlarini yelkamizda tutib turamiz!», — deydi jonkuyarlik bilan Nodira Hamidova.
Ochiq yuzli, quvnoq tabassumli bu ayol poytaxt ramzini toza saqlaydi. Quvnoqlikda undan qolishmaydigan hamkasbi Muyassar Maxkamova muassasada tartibni saqlashda unga yordam beradi.
  • Qarang-da, fotosuratlarimni Snapchat‘ga qo‘yib yurmaysizmi ishqilib? — deb so‘raydi Muyassar opa baland ovozda, jilmayib.
  • Siz Snapchat`da bormisiz?
  • Zamonaviy texnologiyalarni bilmaydi, deb o‘ylaysizmi? — deya javob beradi u boshini saraklagancha.
Ayol hamkasblari va Toshkent ramziga oidligi sababli o‘z ishini sevishini taʼkidlaydi.

«Ishimni o‘zgartirishni taklif qilishdi, lekin arizaga qo‘l qo‘yishga kuch topolmadim, — deydi Nodira opa. — Mana, 11 yildan beri ishlab kelyapman».
Unga tashrif buyuruvchilar va chet elliklar bilan muloqot qilish ayniqsa ko‘proq yoqadi. «Ular: „Naqadar go‘zal ekansiz, lekin shvabra sizga yarashmayapti“ deyishadi, — deya tabassum qiladi Nodira opa. — Men esa xafa bo‘lmayman. Bu yerda ishlayotganimdan fahrlanaman. Mehnatlarim sharofati bilan farzandlarim universitetda o‘qishmoqda».

«Mening maʼlumotim yo‘q, — deya suhbatga qo‘shiladi Muyassar opa. — Lekin o‘z farzandlarimni o‘qitishga vaʼda berganman».
Yerdan 110 metr balandlikda «Koinot» restorani joylashgan. Ilgari uning ikkita zali bor edi: «qizil» va «ko‘k», lekin taʼmirdan keyin ular birlashtirildi. «Qizil zal» interyeridagi sovet brutalizmi zamonaviy loft bilan almashtirildi. Restoranning asosiy xususiyati — aylanuvchi pol tamoyili saqlanib qolgan: mehmonlar bir soat ichida Toshkent panoramasini to‘liq ko‘rishlari mumkin. «Koinot»ni teleminoraga mehri baland yigit Sardor Nosirov boshqaradi.
«Men “Bodomzor”da katta bo‘lganman. Bolaligim minora bilan bog‘liq. Dadam shu restoranda ishlaganida 9 yoshda edim. U bir vaqtlar restoranning ochilishida qatnashgan. Oyda bir marta dadam meni o‘zi bilan ishlashga olib borardi. “Koinot”ga borishni juda intiqlik bilan kutardim», — deb eslaydi Sardor.

Sardor Nosirov ota izidan borishdan avval Buyuk Britaniyada tahsil olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u o‘qishni Burger King tez ovqatlanish restoranlarida ishlash bilan umumlashtirgan.

Yigit 2010-yilda O‘zbekistonga qaytib keladi. Darhol teleminora restoranida ishlay boshlaydi. Avvaliga bufetchi bo‘lgan, uch yildan so‘ng zal mudiri, keyin restoranni boshqara boshlagan.
Teleminoradagi faoliyati davomida Sardor ko‘plab qiziqarli voqealarga guvoh bo‘lgan. «Koinot» — bu erkaklar sevgan ayollariga turmush qurishni taklif qiladigan joy. Yaqindan boshlab esa odamlar bu yerga ibodat qilish uchun ham kelishmoqda.

«Hammasi 2017-yil yoki 2018-yilda ish kunlarining birida bir guruh ayollarning bizga tashrif buyurishi bilan boshlandi. Ulardan biri oldimga kelib, namoz o‘qib olishni so‘radi. Uning aytishicha, u uzoq vaqtdan beri bizning restoranda ibodat o‘qishni orzu qilar ekan. Uning iltimosidan hayron bo‘ldim, lekin biz joyni tartibga keltirdik. O‘shandan buyon ham shunga o‘xshash ziyoratga keladiganlar soni ortib bormoqda», — dedi Sardor Nosirov.
реклама
реклама
Uning so‘zlariga ko‘ra, taʼmirdan keyin tashrif buyuruvchilar oqimi ko‘paygan, shu bois rahbariyat «ko‘k zal»ni ham taʼmirlash niyatida. Muassasa brendini targ‘ib qilish uchun Sardor mutaxassislarni jalb qilishni rejalashtirmoqda.

Yaqinda restoranda faxriy xodimlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, unda Sardorning otasi ham ishtirok etdi.

«O‘zgarishlarni ko‘rib, rivojlanishdan xursand bo‘ldi. Dadam men bilan juda faxrlanadi», — deydi Sardor.
Toshkent teleminorasining asosiy vazifasi — teleradiouzatish. Uning sifatiga obyekt bosh muhandisi Bekzod Qo‘chqorbekov masʼul. Mutaxassisning aytishicha, telekanal va radiostansiyalar o‘z studiyalarida kontent tayyorlab, ularni teleminoraga uzatadi. U, o‘z navbatida, kontentni tomoshabinlarga uzatadi. Eshittirish radiusi — 60-100 km. Signal Toshkent shahri va viloyati, qisman Sirdaryo viloyati, shuningdek, Qozog‘istonning janubiy viloyatlari hududiga tarqatiladi.

Biroq Toshkent teleminorasining radioeshittirish radiusidagi barcha aholi punktlari ham signallarni qabul qilmaydi. Bunday joylarni topish va stansiyalarni o‘rnatish zarurligini o‘rganish texnik-ishlab chiqarish laboratoriyasi xodimlarining ishi. Unga Numon Nazirov rahbarlik qiladi.
«Biz tog‘li hududlarni, oz sonli odamlar yashaydigan joylarni o‘rganamiz, — deydi u. — Agar odamlar yetarli bo‘lsa, raqamli televideniye translatsiya qiladigan stansiyalarni o‘rnatamiz».
Talabalik davridayoq Toshkent teleminorasiga ishga joylashgan bu ikki mutaxassis uchun mazkur maskan bolalikdagi radiotexnika va fizikaga bo‘lgan qiziqishlari ushalgan joy hisoblanadi.

«Kechgacha qolib ketar, baʼzida tunni ham o‘tkazardim. Professional uskunalarning qanday ishlashi men uchun qiziq edi, hamma narsani ipidan ignasigacha o‘rganib chiqishni xohlardim», — deydi bosh muhandis Bekzod Qo‘chqorbekov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ishlagan vaqtida hech qanday baxtsiz hodisa yuz bermagan. Ishdan chiqqan uskunalarni har doim zaxiradagisi bilan almashtirish mumkin. Elektr taʼminoti uzilganida esa tizim avtomat ravishda dizel generatorlariga o‘tadi. Kamdan-kam hollarda, bu qo‘lda amalga oshiriladi.

«Bizning ishimiz aniq fizika-matematikaga tayanadi, — deydi Toshkent teleminorasi bosh muhandisi Bekzod Qo‘chqorbekov. — Hammasi uchun qo‘llanmalar ishlab chiqilgan. His-tuyg‘ularga berilmaymiz, aks holda xatoga yo‘l qo‘yamiz».
Matnni Jahongir Azimov tayyorladi.
Rus tilidan Sanjar Said tarjima qildi.
Fotosuratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».
Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar «Gazeta.uz» nashriga tegishli. «Gazeta.uz» internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting