BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade Xorazm viloyati Urganch shahridagi mehribonlik uyida qizlarning jinsiy zo‘ravonlik va ekspluatatsiya qilinishi haqida shu kunlardagi xabarlardan chuqur xavotirda ekanligini bildirdi.

“Jinsiy zo‘ravonlik bolalar huquqlarining jiddiy buzilishi bo‘lib, u bolaning jismoniy va ruhiy farovonligiga uzoq davr mobaynida halokatli ta’sir ko‘rsatadi”, — dedi Munir Mamedzade.

“Qizlar va o‘g‘il bolalarni har qanday zo‘ravonlikdan yaxshiroq himoya qilish, jinoyat sodir etganlar jazosiz qolishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qonunchilik va siyosatni kuchaytirishimiz kerak”, — deya ta’kidladi u.

“YUNISEF faol a’zosi bo‘lgan Senat huzuridagi idoralararo ishchi guruhi tomonidan bolalarni jinsiy zo‘ravonlik va ekspluatatsiyadan himoya qilishni kuchaytirish bo‘yicha ishlab chiqilgan hamda Jinoyat kodeksiga kiritilishi taklif etilgan tavsiyalarni tegishli tuzilmalar ko‘rib chiqishlariga chaqiramiz”, — deya qayd etdi Munir Mamedzade.

Bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik va ekspluatatsiyaga qarshi kurash ustuvor бўлиши, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar malakali ijtimoiy xodimlar tomonidan muntazam ravishda nazorat qilinadigan sifatli oilaviy muhit negizida muqobil parvarish bilan ta’minlanishi hamda buni malakali ijtimoiy xizmat xodimlari monitoring qilishi zarur”, — dedi YUNISEF vakolatxonasi rahbari.

“Shu bois ushbu soha bo‘yicha mas’uliyatni ijtimoiy xizmat ko‘rsatish uchun javobgar bo‘lgan tuzilmalarga topshirishni, bu sohada faqat malakali mutaxassislar ishlashini taklif qilamiz”, — dedi u.

YUNICYeF zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning yoshi va gender jihatlari hisobga olingan holda adolatli sudlov, sog‘liqni saqlash, ta’lim va ijtimoiy himoya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashda, profilaktika dasturlarini ishlab chiqishda va zo‘ravonlikni qoralamaslikdek ijtimoiy normalarni o‘zgartirishda O‘zbekiston hukumatiga ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.

“Biz tegishli tashkilotlarga bolalarni o‘z oilalaridan zaruratsiz ajratishning oldini olish va muqobil parvarish, xususan professional foster homiylik xizmati sifatini yaxshilash uchun oilani qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini kuchaytirishda yordam berishga sodiqmiz”, — deya qo‘shimcha qildi Munir Mamedzade.