Davlat xavfsizlik xizmatining Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi materiallari asosida viloyat Davlat moliyaviy nazorati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida Mirzacho‘l tumani xalq ta’limi bo‘limi faoliyatida qonun buzilishi holatlari aniqlandi, deya xabar qilmoqda DXX axborot xizmati.

Xususan, o‘rnatilgan tartib-qoidalarga zid ravishda ortiqcha sinflar shakllantirilishi, ta’til, ish haqi va ustama pullar ortiqcha to‘lanishi, qurilish-ta’mirlash ishlarida qo‘shib yozish, umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi tovar-moddiy boyliklarda kamomadlar mavjudligi va boshqa holatlar natijasida davlatga 1 mlrd 593 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Hozirda Mirzacho‘l tumani xalq ta’limi bo‘limi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 205 (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 167 (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.