30-mart kuni hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji bilan tanishish maqsadida Qoraqalpog‘istonga kelgan Shavkat Mirziyoyev aholi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan 3 ta yangi tashabbusni ilgari surdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Qad etilishicha, Kegeyli tumanida Qoraqalpog‘iston sanoatini rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish masalalari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.

Unda bildirilgan tashabbuslarning birinchisi doirasida Qoraqalpog‘istondagi 452 ta mahallaning har biriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 500 million so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.

Buning uchun alohida Qoraqalpog‘iston mahallalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil qilinib, unga 2023-yilda 250 milliard so‘m ajratiladi.

“Navro‘z bayrami va Mahalla kuni arafasida mahalla raislari, imomlarni rag‘batlantirdik. Qoraqalpog‘istonda azal-azaldan o‘ziga xos tizim — ko‘cha-biylar bor. Odamlarimizning hayotini yaxshilashga hissa qo‘shayotgan bunday jonkuyar insonlar mehnatini ham munosib rag‘batlantirish kerak, deb o‘ylayman“, — dedi davlat rahbari.

Ikkinchi tashabbus. Bugungi kunda Qoraqalpog‘istonda 47 ming uy-joy va ko‘chmas mulklarning kadastri yo‘q. Ta’kidlanishicha, bu odamlarning ipoteka olish, tomorqasida dehqonchilikka kredit, subsidiya olish, yashayotgan boshpanasini farzandlariga meros qoldirish imkoniyatini cheklamoqda. Shu sababli keyingi ikki oyda 38 ming odamning kadastri to‘liq qilib beriladi.

Uchinchi tashabbus. Bugun Qoraqalpog‘istonda yiliga 6,5−7 mingta uy-joyga talab bor. Shu bois 2023-yilda o‘tgan yilga nisbatan 2 baravar ko‘p yoki 4 mingta uy-joy quriladi.

“Bunga qo‘shimcha qilib, faqat Qoraqalpog‘iston aholisi uchun yangi imkoniyat yaratamiz. Ya’ni zamonaviy loyiha asosida 4 ming yakka tartibdagi uy-joy qurishga 4 sotixdan yer ajratiladi. Infratuzilmasini ham qilib beramiz. Bunday imkoniyatni boshqa hududlarimizga bermaganmiz“, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda ish o‘rinlarini ko‘paytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Qoraqalpog‘istonda 72 ming rasmiy ishsiz bor. Har yili 43 ming yoshlar mehnat bozoriga kirib keladi. Shularni hisobga olib, 193 ming ish o‘rni yaratish va Qoraqalpog‘istonni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilib qo‘yildi.

Bu borada yirik korxona va klasterlar, konchilik, oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik va qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi.

Oziq-ovqat mahsulotlari mo‘l va arzon bo‘lishini ta’minlash maqsadida 2022-yilda aholiga 6 ming 600 gektar yer brilgan edi, bu yil yana 6 ming gektar ajratilmoqda. Bu orqali sabzi, piyoz, kartoshka kabi kundalik mahsulotlarga ehtiyoj qoplanadi. Bo‘ston kanalini betonlash hisobiga Ellikqal’a, To‘rtko‘l va Beruniy tumanlarida 100 ming gektarda suv ta’minoti yaxshilanadi. Dala chetlarida 3,6 ming gektarda kadi, uzum va sabzavot yetishtirib, 42 ming tonna mahsulot olinadi.

Qoraqalpog‘istonda 51 ta maktabda o‘quvchilar soni me’yordan 2 baravar ko‘p. 208 ta mahallada ichimlik suvi ta’minoti yaxshi emas. 120 kilometr magistral hamda eng serqatnov 600 kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlash kerak.

Shu bois 9 ta tumanda maktabgacha ta’lim muassasalari qurish, maktab va shifoxonalarni ta’mirlashga, shu jumladan, issiqlik ta’minotiga qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi belgilandi. Yo‘llarni ta’mirlash, elektr energiyasi taqchilligi choralarini ko‘rish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.