O‘zbekiston Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi shtatlarni qisqartirishni ko‘zda tutuvchi ma’muriy islohot doirasida davlat organlaridagi xodimlarni qisqartirish to‘xtatilganiga izoh berdi.

Yurist Saydali Muxtoraliyevning ma’lum qilishicha, prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov tomonidan ma’muriy islohotlar doirasida yangi va qayta tashkil etilgan vazirlik va idoralar xodimlarining mehnat shartnomalarini bekor qilish jarayonlari vaqtinchalik to‘xtatilishi va shundan kelib chiqib mehnat shartnomalarini bekor qilish to‘g‘risidagi ogohlantirish muddatlari uzaytirilishi haqida topshiriq berilgan.

Vazirlik huzuridagi Mehnat inspeksiyasi vakili Laziz Qarshiyev yuristga mazkur ma’lumotning to‘g‘riligini tasdiqladi.

Prezidentning 2023-yil 25-yanvardagi qaroriga muvofiq Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga ma’muriy islohotlarni amalga oshirish jarayonida yangi tashkil etilayotgan vazirlik va idoralarga shtat jadvallarini tuzish, ishga qabul qilish tartibini tushuntirish ishlarini olib borish, xodimlar, mehnat munosabatlarini davom ettirish va bekor qilish, shuningdek, mehnat qonunchiligi talablariga rioya etilishini nazorat qilish topshirildi.

Bandlik vazirligi ushbu islohotlar davomida shtat birliklari qisqartirilgan xodimlarni ish beruvchi tomonidan ishga joylashtirish choralarini ko‘rishi belgilangan.

Hozirgi kunda shtat birliklari qisqartirilgan xodimlarga mehnat shartnomasini bekor qilish yuzasidan ogohlantirish xatlari berilgan. Mehnat kodeksining 102-moddasi talablaridan kelib chiqib, ogohlantirish muddatlarini uzaytirish ish beruvchining huquqi hisoblanadi.

Amaldagi Mehnat kodeksining 100-moddasi birinchi qismi 1-bandida ogohlantirish muddati kamida ikki oy oldin berilishi kerakligi belgilangan. Shunga ko‘ra ish beruvchi tomonidan ushbu ogohlantirish muddatini uzaytirish qonuniy hisoblanadi.

“Bu jarayon xodimga ogohlantirish muddati uzaytirilganligi ma’lum qilingan xat (xabarnoma) taqdim etish orqali amalga oshirilishi tavsiya etiladi. Belgilangan muddatlarda ishga joylasha olmagan xodimlarning ogohlantirish muddatini uzaytirish ularga o‘ziga maqbul ish o‘rni topishida imkoniyat yaratadi“, — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, vazirlik ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan xodimlarning ishdan bo‘shatilishi to‘g‘ri rasmiylashirilganligi, yetarli asoslar mavjudligi va belgilangan tartibga rioya etilganligini qayta ko‘rib chiqishni tavsiya etdi.

Amaldagi Mehnat Kodeksining 92-moddasiga ko‘ra, shtatlar soni qisqartirilgan ish beruvchi xodimni ishga joylashtirish choralarini ko‘rishi shart. Ushbu talabga rioya etilmagan taqdirda noqonuniy ishdan bo‘shatish hisoblanadi.