Toshkent viloyati hokimligi Oqqo‘rg‘on tumanidagi «Bayguli» mahallasidagi 17-maktabda «Ochiq budjet» portalida tashabbuskor budjetlashtirish loyihasi uchun ovoz to‘plash uchun o‘quvchilardan 10−20 ming so‘mdan SIM-karta sotib olish talab qilingan holat tafsilotlarini ma’lum qildi. .

Maxsus ishchi guruhi o‘rganish natijalariga ko‘ra, «Ochiq budjet» bo‘yicha o‘quvchilarni ovoz to‘plashga jalb etish vazifasi maktab direktori tomonidan berilgani ma’lum bo‘ldi.

Pullar maktabning 45 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tahsil olayotgan filialida yig‘ilgan. Targ‘ibot ishlariga o‘quvchilarni jalb qilgan sinf rahbarlari intizomiy javobgarlikka tortilib, maktab direktori L. Usmonova egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Hokimlikning ma’lum qilishicha, maktab filiali yaqinda ta’mirlanib, zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Maktab jamoasi o‘z tashabbusi bilan «Ochiq budjet» loyihasida ishtirok etib, 300 mln so‘mga qo‘shimcha elektron doska va kompyuter texnikasi sotib olishga qaror qilgan.

Toshkent viloyati hokimi, ayni paytda viloyat xalq ta’limi kengashi raisi Zoyir Mirzayev mazkur maktabda bunday ehtiyoj bor-yo‘qligini o‘rganib, mahalliy budjet hisobidan zarur jihozlar bilan ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi.

«Bu holat qolgan maktablarda takrorlanmasligiga ishonamiz hamda maktabga o‘qituvchi dars bergani, farzandlarimiz esa ta’lim olish uchun borishini unutmasligingizni so‘rab qolamiz», — deyiladi O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bayonotida.

Vazir Hilola Umarova avvalroq o‘qituvchilarni agar tashabbus budjeti bo‘yicha ovoz berishga majbur qilinsa, 71−202−09−09 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishga chaqirgan edi.

«Ochiq budjet» uchun joriy ovoz berish 7 aprelga qadar davom etadi. Birinchi mavsumda fuqarolarning loyihalarini moliyalashtirish uchun 1,7 trillion so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan.